Frankfurtda gollar yomg‘iri: «Ayntraxt» va «Borussiya» jangovar durang

Germaniya chempionatida 16-tur bahslari start oldi va birinchi kunning eng yorqin to‘qnashuvlaridan biri Frankfurtda bo‘lib o‘tdi. «Ayntraxt» o‘z maydonida «Borussiya D»ni qabul qildi va tom ma’nodagi spektakl namoyish etildi — 3:3!
Uchrashuv juda erta qizib ketdi: 10-daqiqada «asalarilar» safidan Bayer hisobni ochib, mehmonlarni oldinga olib chiqdi. Ammo mezbonlar tezda o‘ziga keldi: 22-daqiqada Uzun penaltidan aniq zarba berib, muvozanatni tikladi — 1:1.
Ikkinchi bo‘limda o‘yin yanada “portladi”. 68-daqiqada Nmecha «Borussiya»ni yana oldinga olib chiqdi. Lekin bu ustunlik ham uzoq turmadi: 71-daqiqada Ebnoutalib gol urib, tabloda yana tenglikni yoqdi — 2:2.
Eng dramatik lahzalar esa hakam qo‘shib bergan daqiqalarda boshlandi. 90+2-daqiqada Doud «Ayntraxt»ni g‘alabaga yaqinlashtirib qo‘ygandek tuyuldi. Biroq «Borussiya» oxirigacha kurashdi: 90+6-daqiqada Chukvuemeka javob golini urib, Frankfurtdagi kechaga “nuqta” qo‘ydi — 3:3. Qisqasi, qo‘shib berilgan 6 daqiqa ichida ikkita gol — tomoshabinlarga “bonus” bo‘ldi!
Natijada «Borussiya D» 33 ochko bilan 2-o‘rinda qoldi. «Ayntraxt» esa 26 ochko to‘plab, 7-pog‘onaga ko‘tarildi. Bu durang ikki jamoa uchun ham turli hissiyot: biri uchun — yutqazib qo‘ymaslik, ikkinchisi uchun — g‘alabani qo‘ldan chiqarib yuborganlik.
Bundesliga. 16-tur
Ayntraxt – Borussiya D 3:3
Gollar: Uzun 22 (pen.), Ebnoutalib 71, Doud 90+2 – Bayer 10, Nmecha 68, Chukvuemeka 90+6
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!