"Navbahor" klubi Husayn Norchayevni oldi: hujumga yangi kuch qo‘shildi...

"Navbahor" tarkibini yana bir muhim hujumchi bilan boyitdi. Klub rasman o‘tgan mavsumni Nasaf safida o‘tkazgan forvard Husayn Norchayevni o‘z safiga qo‘shib olganini ma’lum qildi. Bu haqda jamoa matbuot xizmati rasmiy sahifalar orqali e’lon qildi.
Bu transfer muxlislar uchun quvonarli xabar, ammo bir vaqtning o‘zida sabr ham talab qiladi. Sababi, Norchayev hozircha maydonga chiqish holatida emas. Ma’lum qilinishicha, u dekabr oyida Myunxen shahrida oyog‘idan jarrohlik amaliyotini o‘tkazgan. Hozir esa Italiyada tiklanish — reabilitatsiya jarayonini davom ettiryapti.
Klub bergan ma’lumotga ko‘ra, hujumchi Apennin yarim orolidagi davolanish va tiklanish bosqichi yakunlangach, “lochinlar” ixtiyoriga kelib qo‘shiladi. Demak, “Navbahor” uning kayfiyatini ham, salomatligini ham shoshirmay, to‘liq tayyor bo‘lgan paytda jamoaga integratsiya qilishni rejalashtiryapti.
Endi eng qizig‘i — Norchayev to‘liq tiklanib qaytsa, “Navbahor” hujum chizig‘ida raqobat ham, variant ham ko‘payadi. Muxlislarga esa bitta tilak: reabilitatsiya mukammal tugasin, Norchayevning esa Namanganda gollari “oqib” kelsin.