"Dinamo" uchun og‘ir sinov: "Navbahor" yana yo‘lda to‘siq bo‘lmoqda...

Bugun Superliganing eng qiziq, eng shiddatli va muxlislar intiqib kutayotgan markaziy bahslaridan biri bo‘lib o‘tadi. Vadim Abramov boshchiligidagi “Dinamo” o‘z maydonida prinsipial raqiblardan biri — “Navbahor”ni qabul qiladi. Keyingi yillarda bu ikki jamoa o‘rtasidagi uchrashuvlar oddiy o‘yin emas, balki xarakter, iroda va nufuz uchun kurashga aylanib bormoqda.
Ayniqsa, samarqandlik muxlislar uchun bu to‘qnashuvning ahamiyati yanada katta. Chunki “Dinamo” Superliga doirasida 11 yildan beri “lochinlar”ni mag‘lub eta olmayapti. Bu esa bugungi bellashuvga alohida bosim, yanada yuqori qiziqish va katta intriga qo‘shmoqda. “Arslonlar” oxirgi marta 2015 yilda raqibidan uch ochkoni tortib olgan va o‘sha g‘alaba haligacha samarqandlik ishqibozlar xotirasida saqlanib qolgan.
Aynan o‘sha bahsda “Dinamo” o‘z maydonida “Navbahor”ni 2:1 hisobida taslim etgandi. Ammo shundan keyingi uchrashuvlar statistikasi “Navbahor” uchun ancha muvaffaqiyatli kechdi. 2017 yildagi ikki to‘qnashuvning har ikkalasida ham namanganliklar minimal hisobda ustun keldi. 2019 yilgi bahslarda esa bir uchrashuv durang bilan yakunlangan bo‘lsa, ikkinchisida yana “Navbahor” qo‘li baland keldi.
2022 yilda ham vaziyat o‘zgarmadi. “Dinamo” o‘z maydonida 0:1 hisobida imkoniyatni boy berdi, safarda esa 0:2 hisobida mag‘lubiyatga uchradi. 2024 yilgi qarama-qarshilik ham samarqandliklar uchun omadli kechmadi: “Navbahor” 3:1 hisobida g‘alaba qozondi, keyingi bahsda esa yana minimal ustunlikni saqlab qoldi. 2025 yildagi ikki uchrashuvdan biri 0:0, ikkinchisi 2:2 hisobida tugagani esa “Dinamo”ning kurashayotganini ko‘rsatgan, ammo baribir g‘alaba hali-hanuz qo‘lga kiritilmaganini anglatadi.
Shu jihatdan qaraganda, bugungi bahs “Dinamo” uchun oddiy tur o‘yini emas. Bu — noqulay an’anani sindirish, uzoq yillik omadsiz seriyaga nuqta qo‘yish va muxlislar ishonchini yanada mustahkamlash imkoniyati. “Navbahor” uchun esa bu o‘yin o‘z ustunligini saqlab qolish, raqibga qarshi qulay statistikani davom ettirish va yana bir bor kuchini namoyon qilish imkoni bo‘ladi.
Ikki jamoa o‘rtasidagi so‘nggi yillar manzarasi shuni ko‘rsatyaptiki, bu qarama-qarshilikda oson o‘yin bo‘lmaydi. Maydonda har bir to‘p, har bir vaziyat va har bir xato hal qiluvchi ahamiyat kasb etishi mumkin. Bunday o‘yinlarda faqat taktika emas, balki ruhiy tayyorgarlik, bosimga chidam va so‘nggi daqiqagacha kurashish qobiliyati ham katta rol o‘ynaydi.
Ma’lumot uchun, ushbu prinsipial bellashuv bugun soat 19:15 da start oladi. Muxlislarni esa yana bir keskin, murosasiz va ehtiroslarga boy futbol kechasi kutib turibdi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!