Alvaresning so‘nggi zarbasi Atletikoga qimmatli g‘alaba keltirdi

Ispaniya chempionatining 26-turida “Atletiko” safarda “Real Oviyedo” mehmoni bo‘lib, juda og‘ir va tarang kechgan bahsda minimal 1:0 hisobida zafar quchdi. Uchrashuv uzoq vaqt golsiz davom etdi, ammo hal qiluvchi lahza eng so‘nggi daqiqalarga qoldi.
Bellashuv taqdirini 90+4-daqiqada Xulian Alvares hal qildi. Argentinalik hujumchi qo‘shimcha vaqtda o‘z imkoniyatidan unumli foydalanib, “matraschilar”ga juda muhim uch ochkoni taqdim etdi. Shu tariqa, Diyego Simeone shogirdlari oxirgi lahzada g‘alabani ilib ketdi.
La Liga. 26-tur
Real Oviyedo – Atletiko 0:1
Gol: Alvares 90+4.
Real Oviyedo – Eskandell, Vidal, Kalvo, Lopes, Karmo, Sibo, Fonseka, Hassan, Reyna (Kasorla, 80), Chaira (Ilich, 72), Vinas.
Atletiko – Oblak, Molina, Ximenes, Le Norman, Dias, Almada (Liorente, 71), Kardoso (Grizmann, 61), Baena, Syorlot (Simeone, 61), Lukman (Alvares, 46).
Bu muvaffaqiyat “Atletiko” uchun turnir jadvalida ham katta ahamiyat kasb etdi. Madrid jamoasi 26 uchrashuvdan keyin 51 ochko to‘plab, uchinchi pog‘onaga ko‘tarildi. “Real Oviyedo” esa 17 ochko bilan jadvalning eng quyi qismida qolmoqda.
O‘yin oson kechgani yo‘q. “Oviyedo” o‘z maydonida qattiq qarshilik ko‘rsatdi, “Atletiko” esa uzoq vaqt kerakli yo‘lni topa olmadi. Ammo katta jamoalarning farqi shunda — hatto o‘yin unchalik ochilmaganda ham, ular bitta vaziyatdan taqdirni o‘zgartira oladi. Bu gal ham aynan shunday bo‘ldi.
Qisqasi, “Atletiko” bu safar chiroyli emas, ammo juda kerakli g‘alabaga erishdi. Alvaresning so‘nggi daqiqadagi goli madridliklarning yuqori o‘rinlar uchun kurashida katta ahamiyatga ega bo‘ldi, “Oviyedo” esa yana bir alamli mag‘lubiyatni qabul qilib oldi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!