De Laurentis futbol qoidalarini keskin o‘zgartirishni taklif qildi

“Napoli” prezidenti Aurelio De Laurentis zamonaviy futbol qoidalariga jiddiy va keng qamrovli o‘zgartishlar kiritish zarurligini taʼkidladi. Uning fikricha, hozirgi futbol formatini yosh avlod uchun yetarlicha qiziqarli va jozibador deb bo‘lmaydi.
The Athletic manbasiga ko‘ra, klub rahbari o‘yinni yana-da tez, dinamik va tomoshabop qilish g‘oyasini ilgari surmoqda.
De Laurentisning asosiy takliflaridan biri — taymlar davomiyligini 45 daqiqadan 25 daqiqagacha qisqartirish. Uningcha, bu jamoalarni yuqori tezlikda o‘ynashga majbur qiladi va o‘yin sifati hamda keskinligini oshiradi.
Shuningdek, u simulyatsiya va ataylab qoidabuzarliklarga qarshi qattiq choralar joriy etishni taklif qildi. Uning fikricha, bunday harakat qilgan futbolchilarni darhol maydondan chetlatish kerak.
Yana bir bahsli g‘oya sifatida u sariq va qizil kartochkalar tizimini butunlay bekor qilib, uni vaqtinchalik chetlatish tizimi bilan almashtirishni taklif etdi. Bu holatda futbolchilar xokkey yoki regbidagi kabi 5 yoki 20 daqiqaga o‘yindan chetlatilishi mumkin.
“Bizga ko‘proq shou va ko‘ngilochar futbol kerak. Aks holda muxlislarni yo‘qotishimiz mumkin”, — dedi De Laurentis.
Uning bu takliflari futbol olamida keng muhokamalarga sabab bo‘lishi kutilmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!