Xamzat Chimayevning mag‘lubiyatiga nima sabab bo‘lgani ma’lum bo‘ldi...

Xamzat Chimayevning akasi Artur Chimayev chechen jangchisining UFC 328 turnirida Shon Striklendga qarshi bahsda nima uchun mag‘lubiyatga uchraganini tushuntirib berdi. Uning aytishicha, asosiy muammo jang oldidan og‘ir vazn tashlash jarayoni bilan bog‘liq bo‘lgan.
Artur Chimayevning ta’kidlashicha, Xamzat belgilangan vazn me’yoriga yetishi uchun so‘nggi 1,2 kilogrammni tashlashi kerak bo‘lgan paytda organizm bunga dosh berolmagan. Shu sabab jamoaga bir necha soatlik tanaffus berilgan, chunki sportchining sog‘lig‘i jiddiy xavf ostida qolgan.
“Belgilangan me’yorga yetish uchun 1,2 kg vazn tashlash qolganda organizm chiday olmadi. Bizga soatlab tanaffus berishdi, chunki sog‘liq imkoniyat bermayotgandi. Lekin yakunda baribir me’yorni bajardik”, — dedi Artur.
Uning so‘zlariga ko‘ra, vazn tashlash jarayonida organizm juda qattiq charchagan va bu holat jang paytida ham o‘z ta’sirini ko‘rsatgan. Ayniqsa, ikkinchi raundda Chimayevning to‘liq tiklanmagani bilinib qolgan.
“Jang payti — ikkinchi raundda organizm tiklanmagani aniq bo‘ldi”, — deya qo‘shimcha qildi u.
Artur Chimayev ko‘pchilikda “nima uchun qisqa muddatda shuncha vazn tashlashga qaror qilindi?” degan savol tug‘ilayotganini ham tushunishini aytdi. Uning tushuntirishicha, dastlab UFC bilan kelishuvga ko‘ra, Xamzat Chimayev Irji Proxazkaga qarshi 93 kg vaznda oktagonga chiqishi kerak bo‘lgan.
Biroq keyinchalik Chimayevga qo‘ng‘iroq qilishib, Shon Striklendga qarshi jangni qabul qilish taklif qilingan. Xamzat esa bu chaqiriqdan bosh tortmagan va bahsga rozi bo‘lgan. Natijada u 105 kilogrammdan 84 kilogrammga tushishiga to‘g‘ri kelgan.
Bu esa juda katta yuklama hisoblanadi. Qisqa vaqt ichida 20 kilogrammdan ortiq vazn tashlash har qanday jangchi organizmi uchun jiddiy sinov. Bunday jarayonda kuch, chidam, reaksiya va tiklanish darajasi sezilarli pasayishi mumkin.
Arturning aytishicha, vazn tashlash paytida Xamzat deyarli hushini yo‘qotgan, unga kislorod yetishmagan. Vazn o‘lchash marosimidan keyin ham sportchi bor-yo‘g‘i 5-6 kilogramm qo‘sha olgan. Bu esa organizmning jang kunigacha to‘liq tiklanishiga yetarli bo‘lmagan.
“Ochig‘i, vazn tashlash payti Xamzat deyarli hushini yo‘qotdi. Kislorod yetishmadi. Vazn o‘lchashdan keyin ham Xamzat faqat 5-6 kilogramm qo‘sha oldi”, — dedi Artur Chimayev.
Shon Striklendga qarshi jangda Chimayevning odatdagi bosimi va jismoniy ustunligi to‘liq ko‘rinmagani muxlislar e’tiboridan chetda qolmagandi. Arturning izohlariga qaraganda, bunga texnik yoki taktik omillardan ko‘ra, avvalo, organizmning og‘ir vazn tashlashdan keyin tiklanmagani sabab bo‘lgan.
Bu holat MMAda vazn tashlash qanchalik xavfli va hal qiluvchi omil bo‘lishi mumkinligini yana bir bor ko‘rsatdi. Oktagonda jang faqat zarba, kurash va taktikadan iborat emas. Ba’zan jangchi bahs boshlanishidan oldin — vazn o‘lchash jarayonidayoq asosiy kuchini yo‘qotib qo‘yadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!