Mbappening kutilmagan bayonotlari “Real” ichida shov-shuv uyg‘otdi

Madridning “Real” klubida Kilian Mbappe bilan bog‘liq vaziyat tobora jiddiy tus olmoqda. Fransuz hujumchisining La Liganing 36-turida “Ovedo”ga qarshi bahsdan keyin jurnalistlar oldiga chiqib, ochiq bayonot berishi klub rahbariyati uchun kutilmagan holat bo‘lgani aytilmoqda.
RMC Sport tarqatgan ma’lumotga ko‘ra, madridliklar rahbariyati Mbappening ommaviy axborot vositalari bilan muloqot qilishini rejalashtirmagan. Futbolchi esa matbuot xizmati xodimi hamrohligiga qaramasdan, o‘z tashabbusi bilan jurnalistlar savollariga javob berishga qaror qilgan.
Suhbat davomida Kilian Mbappe jamoa bosh murabbiyi Alvaro Arbeloa uni “Real”dagi to‘rtinchi hujumchi sifatida ko‘rayotganini aytgani va shu sabab “Ovedo”ga qarshi uchrashuvni asosiy tarkibda boshlash imkonini bermaganini ta’kidlagan.
Biroq oradan ko‘p o‘tmay, ispaniyalik mutaxassis matbuot anjumanida bu gaplarni inkor qildi. Arbeloa o‘z chiqishida Mbappeni hech qachon “Qirollik klubi”ning to‘rtinchi hujumchisi deb atamaganini alohida urg‘ulab o‘tdi.
Ispan matbuotiga ko‘ra, “Real” rahbariyatini eng ko‘p xavotirga solayotgan jihat — Mbappening klub ichidagi masalalarni omma oldida muhokama qila boshlaganidir. Bu esa jamoa ichidagi munosabatlar haqida turli mish-mishlar va bahslarni yanada kuchaytirmoqda.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!