Saida Mirziyoyeva YUNЕSKO rahbari bilan muhim masalalarni muhokama qildi

Foto: Telegram / Saida Mirziyoyeva
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva YUNЕSKO bosh direktori Holid al-Ananiy bilan uchrashdi. Muloqot davomida Samarqand shahrida o‘tkazilgan YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tomonlar O‘zbekiston va YUNЕSKO o‘rtasidagi strategik hamkorlikni yanada kengaytirish, ilgari surilgan tashabbuslarni aniq loyihalarga aylantirish hamda belgilangan vazifalar ijrosini jadallashtirishga alohida e’tibor qaratdi.
Inson kapitalini rivojlantirish ustuvor vazifa
Uchrashuvda ta’lim sifatini oshirish, yoshlarning zamonaviy bilim va ko‘nikmalarni egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratish hamda inson kapitaliga sarmoya kiritish masalalari muhokama qilindi.

Saida Mirziyoyevaga ko‘ra, inson salohiyatini rivojlantirish mamlakatning uzoq muddatli taraqqiyotida hal qiluvchi ahamiyatga ega. Shu sabab bu yo‘nalishda YUNЕSKOning tajribasi va xalqaro dasturlaridan samarali foydalanish muhim hisoblanadi.
Sun’iy intellekt va kreativ industriyalar muhokama qilindi
Muloqot chog‘ida sun’iy intellekt texnologiyalarini mas’uliyatli va samarali joriy etish masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi. Xususan, yangi texnologiyalarni ta’lim, ilm-fan va madaniyat sohalari bilan uyg‘unlashtirish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Holid al-Ananiy YUNЕSKO bosh direktori sifatida sun’iy intellekt kabi yangi texnologiyalarda tashkilot axloqiy yo‘nalish beruvchi vazifani bajarishi kerakligini ta’kidlab kelmoqda.
Shuningdek, kreativ industriyalarni qo‘llab-quvvatlash, yosh ijodkorlar uchun yangi platformalar yaratish va madaniy loyihalarni xalqaro miqyosda targ‘ib qilish imkoniyatlari muhokama markazida bo‘ldi.
Xotin-qizlar yetakchiligiga alohida e’tibor
Uchrashuvda xotin-qizlarning jamiyat va davlat boshqaruvidagi ishtirokini kengaytirish, ularning ta’lim olishi, kasbiy o‘sishi va yetakchilik qobiliyatini rivojlantirish bo‘yicha ham fikr almashildi.

Tomonlar bu yo‘nalishda yangi ta’lim dasturlari, xalqaro loyihalar va tajriba almashish tashabbuslarini amalga oshirish muhimligini qayd etdi.
Madaniy merosni saqlash bo‘yicha hamkorlik kuchaytiriladi
Suhbatning yana bir muhim mavzusi O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosini asrab-avaylash bo‘ldi. Tarixiy yodgorliklarni muhofaza qilish, ularni ilmiy o‘rganish va kelajak avlodlarga yetkazish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirish zarurligi ta’kidlandi.
Holid al-Ananiy 2025 yil noyabr oyida Samarqandda o‘tgan YUNЕSKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasida tashkilot bosh direktori lavozimini qabul qilgan edi. O‘sha marosimda O‘zbekiston tomoni YUNЕSKO bilan ishonchli hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini bildirgan.
«YUNЕSKO bosh qarorgohidagi har bir uchrashuv strategik hamkorligimizni yanada chuqurlashtirish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochadi», — deb yozdi Saida Mirziyoyeva.
Uchrashuv yakunlariga ko‘ra, Samarqandda erishilgan kelishuvlarni amaliy natijalarga aylantirish va O‘zbekiston bilan YUNЕSKO o‘rtasidagi hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha ishlarni davom ettirishga kelishib olindi.































Izohlar 0
…