Yangi BMW X5 krossoverining tasviri ilk bor rasman ko‘rsatildi

Germaniyaning BMW kompaniyasi yangi avlod X5 krossoverining dastlabki rasmiy tasvirlarini e’lon qildi. Neue Klasse dizayn falsafasi asosida yaratilgan avtomobil tashqi ko‘rinishi va kuch qurilmalarining xilma-xilligi bilan model tarixida yangi davrni boshlashi kutilmoqda.
Kompaniya ijtimoiy tarmoqda tarqatgan tizerda krossoverning barcha detallari ko‘rsatilmagan. Biroq bitta yangilikning o‘ziyoq avtomobil ishqibozlari e’tiborini tortishga ulgurdi.
To‘rtta X shaklidagi yangi faralar
Tasvirda yangi BMW X5'ning orqa yoritish chiroqlari to‘rtta X harfi ko‘rinishida ishlanganini ko‘rish mumkin. Bunday dizayn yechimi brendning avval taqdim etilgan modellarida uchramagan.
Yangi yorug‘lik grafikasi krossoverga zamonaviy va o‘ziga xos qiyofa baxsh etgan. Neue Klasse uslubiga xos sodda chiziqlar, minimalistik elementlar va texnologik ko‘rinish yangi X5 dizaynining asosiy xususiyatlaridan biri bo‘lishi kutilmoqda.
BMW yangi avlod X5 modelining yakuniy sinov bosqichiga kirganini ham rasman tasdiqlagan. Krossover Neue Klasse texnologiyalari asosida yaratilgan yangi haydovchiga yordam tizimlarini oladi.
To‘liq taqdimot 30 iyunga belgilangan
Kompaniya xabariga ko‘ra, yangi BMW X5 30 iyun kuni to‘liq namoyish etiladi. Rasmiy taqdimot davomida krossoverning tashqi dizayni, saloni, texnik xususiyatlari va sotuvga chiqish muddatlari haqida batafsil ma’lumot berilishi kutilmoqda.
Yangi avlodda kuzov dizaynidan tashqari, avtomobil elektronikasi va boshqaruv tizimlari ham jiddiy yangilanadi. BMW yangi X5'ni oddiy restayling emas, balki modelning to‘liq yangi avlodi sifatida bozorga olib chiqishga tayyorlanmoqda.
Xaridorlarga besh xil kuch qurilmasi taklif etiladi
Yangi BMW X5'ning eng muhim jihatlaridan biri kuch qurilmalari tanlovi bo‘ladi. Avval tarqalgan ma’lumotlarga ko‘ra, krossover besh xil versiyada ishlab chiqarilishi rejalashtirilgan:
benzinli dvigatel;
dizel motor;
gibrid qurilma;
to‘liq elektr versiya;
vodorod yonilg‘i elementida ishlovchi model.
Shu tariqa, BMW bir model doirasida an’anaviy ichki yonuv dvigatellaridan tortib, elektr va vodorod texnologiyalarigacha bo‘lgan keng tanlovni taklif qilmoqchi. Yangi X5'ning besh xil kuch qurilmasi bilan chiqarilishi haqidagi ma’lumotlar avvalroq ham e’lon qilingan.
Vodorodli X5 Toyota bilan birga yaratilmoqda
Kamuflyaj bilan qoplangan yangi BMW X5'ning ilk sinov suratlari 2025 yil sentyabr oyida tarqalgan edi. O‘shanda jamoatchilikka vodorod yonilg‘i elementida ishlaydigan versiya namoyish etilgan.
Ushbu modelning kuch qurilmasi Toyota bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan. BMW vodorod texnologiyasini uzoq masofalarga harakatlanadigan va tez yonilg‘i quyish imkoniyatini talab qiladigan avtomobillar uchun istiqbolli yo‘nalish sifatida baholamoqda.
Kompaniyaning rejasiga ko‘ra, vodorodda ishlaydigan iX5 kelajakda seriyali ishlab chiqariladigan birinchi BMW vodorod avtomobiliga aylanishi mumkin.
Yangi X5 BMW'ning eng muhim modellaridan biri bo‘lib qolmoqda. Endi asosiy qiziqish krossoverning to‘liq dizayni, texnik ko‘rsatkichlari va qaysi versiyalar dastlab bozorga chiqarilishiga qaratilgan.































Izohlar 0
…