Xabi Alonso “Chelsi” taklifini rad etib, “Liverpul”ni kutmoqda

Ispaniyalik mutaxassis Xabi Alonso kelajagi borasida hali yakuniy qaror qabul qilmagan. Ayni paytda u Angliyaning “Chelsi” klubidan bo‘lgan taklifga shoshilmayapti va asosiy e’tiborini ehtimoliy “Liverpul” variantiga qaratmoqda.
Sport nashri tarqatgan ma’lumotlarga ko‘ra, londonliklar Alonsoni jamoa bosh murabbiyligi uchun eng asosiy nomzod sifatida ko‘rmoqda. Biroq ispaniyalik mutaxassis futbolchilik faoliyatida besh mavsum harakat qilgan “Liverpul”da murabbiylik o‘rni bo‘shashi mumkinligini kutishni ma’qul ko‘rmoqda.
Xabarlarda aytilishicha, “Liverpul”ning hozirgi bosh murabbiyi Arne Slotning kelajagi noaniqligicha qolmoqda. Klub rahbariyati hozircha mutaxassisga ishonch bildirishda davom etayotgan bo‘lsa-da, jamoa muxlislari uning faoliyatidan norozi ekanini ochiq aytmoqda.
Manba ta’kidlashicha, agar Xabi Alonso “Liverpul” variantini o‘ylamaganida, u allaqachon “Chelsi” bilan kelishuvga erishgan bo‘lardi. Ammo London klubi vaqtni cho‘zishni istamayapti va jahon chempionati boshlanishidan oldin yangi murabbiy tayinlashni rejalashtirmoqda.
Shu sabab “Chelsi” rahbariyati muqobil variantlarni ham o‘rganmoqda. Ro‘yxatdan “Bornmut” ustozi Andoni Iraola, “Kristal Pelas” bosh murabbiyi Oliver Glasner, “Flamengo”ning sobiq ustozi Filipe Luis hamda “Fulhem” murabbiyi Marku Silva o‘rin olgan.
Shu bilan birga, “Liverpul” ham Xabi Alonso masalasida yakuniy qarorga kelmagani aytilmoqda. Xabarlarga ko‘ra, mersisaydliklar to‘rt kun avval madridliklardan murabbiyning ish uslubi va talablari haqida qo‘shimcha ma’lumot so‘ragan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!