Harry Kane Angliyani magʻlubiyatdan qutqardi: Declan Rice sardorning mahoratiga tan berdi

Jahon chempionatining nimchorak final yoʻllanmasi uchun kechgan murosasiz bahsda Angliya terma jamoasi Kongo DR ustidan qiyin gʻalabani qoʻlga kiritdi. Uchrashuvda dubl qayd etib, jamoasini kutilmagan magʻlubiyatdan qutqarib qolgan Harry Kane yana bir bor oʻzining jahon darajasidagi hujumchi ekanligini isbotladi. Ushbu gʻalaba Thomas Tuchel shogirdlariga turnirning pley-off bosqichiga yoʻl ochdi. Bu haqda Goal.com xabar beradi.
Oʻyindan soʻng Angliya terma jamoasi yarim himoyachisi Declan Rice oʻz sardorining oʻyinini yuqori baholadi. BBC Sport nashriga bergan intervyusida Rice Harry Kane kabi yetakchiga ega boʻlish jamoa uchun katta baxt ekanligini taʼkidladi. Uning soʻzlariga koʻra, Kane nafaqat maydonda, balki mashgʻulotlarda ham barchaga namuna boʻlib kelmoqda.
"U shunchaki aqlbovar qilmas oʻyinchi. Bu mavsumda 72 ta gol urish — bu oddiy holat emas. U haqiqiy yetakchi, har kuni mashgʻulotlarda ter toʻkadi va guruhdagi hamma bilan yaxshi munosabatda. Ikkinchi goldagi zarbasini koʻrdingizmi? Toʻpni darvoza toʻqqizligiga joylab qoʻydi. Bizda shunday oʻyinchi borligidan juda omadlimiz", — deya taʼkidladi Declan Rice.
Tarixiy natijalar va rekordlar
Opta statistik maʼlumotlariga koʻra, Harry Kane ushbu dubli orqali jahon futboli tarixidagi noyob natijalardan birini qayd etdi. U yirik turnirlarda (Jahon chempionati va Yevropa chempionati) 20 tadan ortiq gol urgan tarixdagi ikkinchi futbolchiga aylandi. Hozirda bu borada faqat Cristiano Ronaldo (24 ta gol) undan oldinda bormoqda.Shuningdek, Kanening pley-off bosqichlaridagi samaradorligi ham hayratlanarli. Evro-2020 turniridan buyon u hal qiluvchi bahslarda 10 ta gol urishga erishdi. Bu koʻrsatkich boʻyicha u Kylian Mbappe (7 ta gol) va Dani Olmo (3 ta gol) kabi yulduzlarni sezilarli darajada ortda qoldirmoqda. Hozirda Kane turnir toʻpurarlari poygasida 5 ta gol bilan Erling Xoland bilan birga ikkinchi oʻrinda bormoqda.
Uchrashuv inglizlar uchun oson kechmadi. Oʻyinning 7-daqiqasida Brian Cipenga hisobni ochib, Angliyani qiyin ahvolga solib qoʻydi. Goal.com nashrining yozishicha, bu Angliya terma jamoasi tarixida 1966-yildagi finaldan soʻng birinchi marta Jahon chempionati oʻyinida hisobda ortda borib, yakunda gʻalaba qozonishi sifatida qayd etildi.
Declan Rice oʻyin davomida jamoada ishonch soʻnmaganini aytdi. Uning fikricha, jamoa koʻplab vaziyatlar yaratdi va raqib darvozasiga bosimni toʻxtatmadi. Yakunda esa Harry Kane oʻzining individual mahorati evaziga oʻyin taqdirini hal qildi. Endilikda Angliya terma jamoasini nimchorak finalda Meksikaga qarshi jiddiy sinov kutib turibdi.






























Izohlar 0
…