Andijonda gaz “zapravka”sida kuchli chaqnash sodir bo‘ldi

Bugun, 2 iyul kuni Andijon viloyatining Xonobod shahrida joylashgan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida havo-gaz aralashmasining chaqnashi sodir bo‘ldi. Hodisa oqibatida ikki nafar fuqaro tan jarohati olgan. Bu haqda Andijon viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, voqea soat taxminan 10:30 larda Xonobod shahrining “Anhor” mahallasi hududida joylashgan AGTKSH kompressor xonasida yuz bergan. Xabar kelib tushishi bilan qutqaruv xizmatlari zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, vaziyatni nazoratga olgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, havo-gaz aralashmasining chaqnashi natijasida kompressor xonasining taxminan 30 kvadrat metr maydondagi tom qismiga, shuningdek, eshik va derazalariga zarar yetgan.
Hodisa oqibatida ikki nafar fuqaro turli darajada tan jarohatlari olgan. Ularga zarur tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida shifoxonaga yotqizilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa tufayli halok bo‘lganlar yo‘q.
Ayni paytda mutaxassislar tomonidan havo-gaz aralashmasi chaqnashiga nima sabab bo‘lgani hamda yetkazilgan moddiy zarar miqdori aniqlanmoqda. Tegishli idoralar holat yuzasidan o‘rganish ishlarini davom ettirmoqda.






























Izohlar 0
…