AQSH Milliy xavfsizlik departamenti kiberhujumga uchradi: Maxfiy maʼlumotlar xavf ostida

AQSH Milliy xavfsizlik departamenti (DHS) federal, shtat va mahalliy hukumat organlari hamda huquq-tartibot idoralari oʻrtasida tezkor maʼlumot almashish uchun foydalaniladigan platformaga nisbatan amalga oshirilgan kiberhujumni tekshirmoqda. Mazkur hodisa milliy xavfsizlikka jiddiy tahdid solishi mumkinligi haqida yuqori martabali qonunchilar ogohlantirish bilan chiqishdi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Nextgov va Bleeping Computer nashrlari xabariga koʻra, xakerlar departamentning Homeland Security Information Network (HSIN) tizimiga kirishga muvaffaq boʻlishgan. Ushbu tarmoq davlat idoralari va mahalliy mulozimlar uchun yirik tadbirlarni rejalashtirish, muvofiqlashtirish hamda favqulodda vaziyatlarda razvedka maʼlumotlarini almashish imkonini beruvchi muhim boʻgʻin hisoblanadi. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, tizimga buzib kirish may oyining oxiri va iyun oyining boshlarida sodir boʻlgan.
Tizimning ahamiyati va xavf darajasi
DHS vakili departament "tasniflanmagan, ammo muhim axborot almashish muhiti" bilan bogʻliq kiberhodisadan xabardor ekanini tasdiqladi. Hozircha aynan qancha va qanday turdagi maʼlumotlar oʻgʻirlangani nomaʼlumligicha qolmoqda. Biroq, 2023-yilda sodir boʻlgan shunga oʻxshash holat HSIN tizimida amerikaliklarni kuzatish bilan bogʻliq huquq-tartibot idoralarining shaxsiy maʼlumotlari mavjudligini koʻrsatgan edi.Virjiniya shtatidan senator Mark Warnerning taʼkidlashicha, HSIN orqali almashiladigan maʼlumotlar maxfiy (classified) maqomiga ega boʻlmasa-da, ular oʻta nozik xarakterga ega. Ularning oshkor boʻlishi davlat xavfsizligiga bevosita taʼsir qiladi. Hozirda ushbu platformadan AQSHda oʻtayotgan yirik sport tadbirlari, jumladan, futbol boʻyicha Jahon chempionati xavfsizligini taʼminlashda foydalanilmoqda.
Kiberxavfsizlikdagi inqirozli holat
Ushbu buzib kirish hodisasi AQSH hukumatining oʻz tizimlarini himoya qilish qobiliyatini yana bir bor soʻroq ostiga qoʻydi. Mutaxassislar buni Donald Trump maʼmuriyati davrida federal hukumat, jumladan, DHS va kiberxavfsizlik agentligi boʻlmish CISA byudjetining keskin qisqartirilishi bilan bogʻlashmoqda. 2025-yil yanvaridan buyon AQSH hukumati bir qator yirik kiberhujumlarga nishon boʻldi.Xususan, soʻnggi oylarda quyidagi jiddiy xavfsizlik boʻshliqlari kuzatilgan:
- Maxfiy harbiy rejalar va maʼlumotlarning hukumat tomonidan ruxsat etilmagan Signal kabi ilovalar orqali tarqalishi;
- Elon Musk boshchiligidagi Hukumat samaradorligi departamenti (DOGE) aʼzolari tomonidan amerikaliklarning shaxsiy maʼlumotlari saqlanuvchi federal bazalarga kirilishi;
- CISA pudratchisi tomonidan davlat bulutli tizimlariga kirish imkonini beruvchi parollarning ochiq tarmoqqa chiqib ketishi.






























Izohlar 0
…