Microsoft korporativ sunʼiy intellekt bozorini egallash uchun 2,5 milliard dollar tikdi

Microsoft korporatsiyasi sunʼiy intellekt (AI) texnologiyalarini yirik biznes tuzilmalariga joriy etishga ixtisoslashgan yangi Microsoft Frontier shoʻba korxonasi tashkil etilganini eʼlon qildi. Ushbu loyihaga texnologik gigant tomonidan 2,5 milliard dollar miqdorida sarmoya kiritilmoqda. Mazkur tashabbus nafaqat dasturiy taʼminot sotish, balki mijozlarga AI tizimlarini amaliyotda qoʻllashda bevosita muhandislik yordamini koʻrsatishni maqsad qilgan. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Yangi tuzilma tarkibida 6000 nafardan ziyod soha mutaxassislari va muhandislar faoliyat yuritadi. Microsoft Commercial Business bosh direktori Judson Althoffning soʻzlariga koʻra, bu shunchaki muhandislik xizmati emas, balki sanoatdagi eng yirik va natijaga yoʻnaltirilgan tashkilot boʻladi. Microsoft Frontier mavjud AI vositalarini korxonalar ehtiyojiga moslashtirish va ularni real ish jarayonlariga integratsiya qilish bilan shugʻullanadi.
Raqobat va yangi strategiya
Mazkur qadam sohada "Forward Deployed Engineering" (FDE) deb ataluvchi modelning ommalashib borayotganini koʻrsatmoqda. Microsoft oʻz loyihasini oddiy FDE modelidan ustun deb hisoblasa-da, tahlilchilar bu yoʻnalishda raqobat kuchayayotganini qayd etishmoqda. Masalan, Amazon Web Services (AWS) ham yaqinda oʻzining shunday loyihasiga 1 milliard dollar ajratishini maʼlum qilgan edi.Bundan tashqari, OpenAI va Anthropic kabi yetakchi laboratoriyalar ham xususiy investitsiya jamgʻarmalari bilan hamkorlikda shunga oʻxshash qoʻshma korxonalarni ishga tushirgan. Biroq Microsoft oʻzining ulkan mijozlar bazasi va Fortune 500 roʻyxatidagi kompaniyalar bilan oʻrnatilgan aloqalari tufayli bozorda sezilarli ustunlikka ega boʻlishi kutilmoqda.
Amaliy natijalar va hamkorlar
Microsoft Frontier allaqachon bir qator nufuzli tashkilotlar bilan hamkorlikni boshlab yuborgan. Ular orasida quyidagi yirik tuzilmalar bor:- London Stock Exchange Group (London fond birjasi);
- Unilever xalqaro isteʼmol tovarlari ishlab chiqaruvchisi;
- Accenture konsalting kompaniyasi;
- Land O’Lakes qishloq xoʻjaligi kooperativi.
Microsoft kompaniyasining ushbu strategik yurishi AI texnologiyalari shunchaki laboratoriya loyihasi emas, balki global iqtisodiyotning ajralmas qismiga aylanib ulgurganini tasdiqlaydi. 2,5 milliard dollarlik sarmoya korporatsiyaning ushbu sohadagi yetakchiligini mustahkamlashga xizmat qiladi.






























Izohlar 0
…