Tarxanov O‘zbekistonning Jahon chempionatidagi ishtirokiga baho berdi

Rossiyalik murabbiy Aleksandr Tarxanov O‘zbekiston milliy jamoasining 2026 yilgi jahon chempionatidagi ishtirokiga baho berdi.
Mutaxassisning fikricha, o‘z tarixida ilk bor mundialda qatnashayotgan O‘zbekiston terma jamoasini natijalar uchun qattiq tanqid qilish to‘g‘ri emas. Chunki jahon chempionatiga yo‘l olishning o‘zi mamlakat futboli uchun katta muvaffaqiyat hisoblanadi.
«Ularga e’tiroz bildirish mumkin emas. O‘zbekiston ilk marta jahon chempionatiga chiqdi. Mundialda ishtirok etishning o‘zi katta yutuq. Jamoa muhim tajriba orttirdi va navbatdagi jahon chempionatiga yanada yaxshiroq tayyor bo‘ladi», — dedi Tarxanov.
Shu bilan birga, rossiyalik murabbiy O‘zbekistonning ayni turnirda pley-off bosqichiga chiqish imkoniyatini yuqori baholamadi.
«Bu safar keyingi bosqichga chiqishlari qiyin. Chunki ular juda ko‘p gol o‘tkazib yuborishdi», — deya uning so‘zlarini keltirdi «Match TV» telekanali.
Eslatib o‘tamiz, Fabio Kannavaro boshchiligidagi O‘zbekiston milliy jamoasi dastlabki ikki turda Kolumbiyaga 1:3, Portugaliyaga esa 0:5 hisobida mag‘lub bo‘ldi.
«Oq bo‘rilar» guruh bosqichining so‘nggi uchrashuvida Kongo DRga qarshi maydonga tushadi. Jamoa pley-offga chiqish uchun nazariy imkoniyatni saqlab turgan bo‘lsa-da, to‘plar nisbatidagi katta salbiy farq vazifani ancha murakkablashtirgan.































Izohlar 0
…