Farg‘onada avtobusga gaz to‘ldirish paytida ballon portladi

Farg‘ona shahrida avtobusga metan gazi to‘ldirish jarayonida gaz ballonlaridan biri yorilib ketdi. Hodisa oqibatida yong‘in kelib chiqmagani va hech kim tan jarohati olmagani ma’lum qilindi. Bu haqda viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rasmiy axborot tarqatdi.
Ma’lum qilinishicha, voqea 27 iyun kuni soat 19:00 lar atrofida Farg‘ona shahrining Vatan ravnaqi ko‘chasida joylashgan avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchasida sodir bo‘lgan.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, avtobusning tom qismiga o‘rnatilgan beshta metan gaz balloniga gaz quyilayotgan vaqtda ulardan biri yorilgan. Hodisaga qaramay, portlash ortidan yong‘in yuzaga kelmagan va atrofdagilar orasida jabrlanganlar qayd etilmagan.
Hozirda voqea sabablari huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda Sanoat, radiatsiya va yadro xavfsizligi boshqarmasi mutaxassislari ishtirokida atroflicha o‘rganilmoqda. Hodisa joyiga viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi rahbari, tegishli xizmatlar va mas’ul idoralar vakillari yetib borib, vaziyatni nazoratga olgan.






























Izohlar 0
…