20:24 / 02.06.2018
2 882

Oston O‘runov: “Real” va MYuda o‘ynashni orzu qilaman

Oston O‘runov: “Real” va MYuda o‘ynashni orzu qilaman
Joriy mavsumda o‘z oldiga yuksak maqsadni qo‘ygan Namanganning “Navbahor” klubida Pepsi Superliganing eng yosh yarim himoyachisi o‘ynamoqda. Bu - Oston O‘runov. 17 yoshli xavbek “lochinlar”ning barcha o‘yinlarida faol to‘p tepib, jamoasining g‘alabalariga o‘zining munosib hissasini qo‘shib kelmoqda. Biz Oston O‘runov bilan suhbat uyushtirib, unga o‘zimizni qiziqtirgan bir necha savollar bilan murojaat qildik.

- Bu yilgi Superliga bahslari sizda qanday taassurot qoldiryapti?
- Juda yaxshi taassurot qoldiryapti. Barcha uchrashuvlar qiziqarli va keskin kurashlar ostida kechmoqda. Nafaqat oliy liganing nomi o‘zgardi, balki, o‘yinlarning saviyasi ham oshdi. Bir so‘z bilan aytganda, Superliga o‘z nomiga mos ravishda o‘tyapti.

- Mana, 13ta tur bahslari ortda qoldi. Superligadagi har bir raqib jamoa bilan bir martadan, “Metallurg” va AGMK klublari bilan esa hattoki, 2 marta o‘ynadinglar. Ortda qolgan o‘yinlarda siz uchun qaysi uchrashuv qiyin kechdi?
- O‘z maydonimizda 7-tur doirasidagi “Bunyodkor”ga qarshi kechgan bahsda biroz qiynaldik. Boisi, o‘sha o‘yinda birinchi bo‘lib, mehmonlar hisobni ochishdi. Biz esa oldin muvozanatni tiklab, xayriyatki, hakam tomonidan qo‘shib berilgan vaqtda g‘alaba to‘pini kiritib, irodali yutuqqa erishdik.

- Joriy mavsumda “Navbahor”ning oldiga yuksak maqsad qo‘yilgan. Klub rahbariyati tomonidan jamoa oldiga qo‘yilgan vazifani amalga oshirishda, ya’ni sovrinli o‘rinlar uchun kurash yo‘lida “lochinlar”ga qaysi klublar raqobat ko‘rsatishi mumkin?
- “Bunyodkor”, “Paxtakor”, “Lokomotiv” va “Nasaf” jamoalari klubimizga munosib raqobat ko‘rsatishlari mumkin.

- Siz joriy mavsumda Superliganing eng yosh yarim himoyachisi sanalasiz. Bu sizga ortiqcha bosim yuklamaydimi?
- Yo‘q, aksincha bu o‘zimga bo‘lgan ishonchni orttiradi. Men 16 yoshimdayoq asosiy tarkibdan o‘rin olishni orzu qilgandim. Xudoga shukr, bu orzumga o‘tgan yili yetdim. 2017 yili “Navbahor” tarkibida “Metallurg”ga qarshi kechgan bahsda zaxiradan maydonga tushib, oliy ligadagi debyutimni nishonlagandim. Debyutim omadli chiqib, bekobodliklarni 2:1 hisobida mag‘lubiyatga uchratgandik. Shuningdek, oliy ligadagi gollar hisobimni ham o‘tgan yili ochgandim va Olmaliqdagi bahsda to‘p kiritgandim. Afsuski, o‘sha golim jamoamizga yordam bermay, 1:2 hisobida imkoniyatni boy bergandik. Joriy mavsumda ham gollar hisobimni ochishga intilyapman. Xudo xohlasa, gollar urib, muxlislar ishonchini oqlayman, degan umiddaman.

Fursati kelganida, shuni ham ta’kidlash joizki, yosh bo‘lsam-da, menga ishonch bildirib, “Navbahor”ning asosiy tarkibiga jalb etgan Ilhom aka Mo‘minjonovga o‘z minnatdorchiligimni bildiraman. Ilhom Ibrohimovich bilan oldin “Paxtakor”ning yoshlar jamoasida birga faoliyat yuritgandik. Shu sababli, Ilhom aka Mo‘minjonov o‘tgan yilning 2-davrasida meni “Navbahor”ga taklif etganida, bu taklifni ikkilanmay qabul qildim. Ilhom Ibrohimovich mening imkoniyatlarimni yaxshi bilardi va o‘tgan mavsumda cho‘chimay, asosiy tarkibga jalb etdi. Men ham ustozimning ishonchini oqlash uchun intildim. Bu yil esa muntazam ravishda boshlang‘ich tarkibda maydonga tushyapman va murabbiylarimizning ishonchlarini oqlash, jamoamiz manfaati uchun qo‘ldan kelganicha harakat qilyapman.

Kezi kelganida aytish joizki, Ilhom Ibrohimovich yosh bo‘lsa-da, ancha tajribaga ega murabbiy hamda yaxshi ruhshunos. Biz – futbolchilarni o‘yinlarga yaxshi tayyorlaydi, har bir shogirdining ko‘ngliga yo‘l topa oladi. Bir so‘z bilan aytganda, Ilhom Ibrohimovich ajoyib inson va yaxshi ustoz. Shunday murabbiyning qo‘l ostida o‘ynayotganimdan faxrlanaman.

- Qaysi jamoadoshlaringiz sizga o‘z maslahatlarini berib, qo‘llab-quvvatlab turishadi?
- Dilshod Jabborov, Jahongir Mehmonov hamda Azizbek Turg‘unboyev mendan maslahatlarini ayashmaydi va doimo qo‘llab-quvvatlab turishadi.

- Maydonda qaysi futbolchilar bilan bir-birlaringni tushunib harakat qilasizlar?
- Azizbek Turg‘unboyev va A’zam Aliyev bilan maydonda bir-birimizni yaxshi tushunib, to‘p suramiz. Yana shuni ham ta’kidlash joizki, jamoamiz ahil-inoq. Barcha jamoadoshlarim bilan yaxshi chiqishaman.

- Futbolga kirib kelishingiz qay tarzda yuz bergan?
- Fursati kelganida, shuni ta’kidlamoqchimanki, men oilada o‘rtancha farzandman. Mendan 3 yosh katta Doston akam bor. U bolaligidan millionlar o‘yiniga qiziqardi va ko‘cha-ko‘yda hamda stadionlarda ko‘p futbol o‘ynardi. Men ham akamga havas qilib, futbol o‘ynashni boshlaganman. O‘n yoshimda otam qo‘limdan yetaklab, Navoiy shahridagi futbol maktabiga olib borganlar. Millionlar o‘yinidagi ilk saboqlarni Abduxalil Inoyatovdan olganman.

2011 yili Farg‘onada futbol maktablari o‘rtasida respublika turniri o‘tkazilgan. O‘sha musobaqada jamoamiz 3-o‘rinni egallagan. Turnirga “Paxtakor”ning seleksioner murabbiylari ham tashrif buyurib, uchrashuvlarni kuzatishgan. Ularga o‘yinim ma’qul kelgan shekilli, meni o‘sha yili “Paxtakor” futbol akademiyasiga taklif etishdi.

Akademiyada o‘sha paytdagi o‘smirlar terma jamoasi bosh murabbiyi Temur Olimxo‘jayev qo‘l ostida tahsil oldim.
2016 yili “Paxtakor”ning yoshlar jamoasiga qabul qilindim. 2017 yilning 2-davrasidan “Navbahor” safida to‘p suryapman.

- Qaysi futbolchilarning o‘yinlariga havas qilasiz?
- Jahon futbolidan Portugaliya terma jamoasi va Madridning “Real” klubi hujumchisi Krishtianu Ronalduga, hamyurtlarimizdan esa milliy terma jamoamiz va Xitoyning “Shanxay SIPG” klubi yarim himoyachisi Odil Ahmedovning o‘yiniga havas qilaman hamda mazkur futbolchilarning o‘yinlarini diqqat bilan kuzatib, ulardan ko‘p narsa o‘rganishga harakat qilaman.

- O‘z jamoadoshlaringizdan tashqari, Superligadagi 3 nafar eng yaxshi ampluadoshingizni aytib bera olasizmi?
- Albatta. Menimcha, bular – Azim Ahmedov (“Paxtakor”), Sardor Sobirxo‘jayev (“Bunyodkor”) va Javohir Siddiqov (“Qo‘qon-1912”).

- “Navbahor” muxlislariga qanday ta’rif berasiz?
- Jamoamizning muxlislari zo‘r. Ularning qo‘llab-quvvatlashlari sababli, shu darajaga yetib yuribman. Namanganlik muxlislar meni ko‘cha-ko‘yda ham tanib, hurmat qilishadi. Bir so‘z bilan aytganda, Namanganda futbolga bo‘lgan qiziqish kuchli va g‘alabalarimizda muxlislarning ham munosib ulushlari bor.

- 14 iyun kuni Rossiyada navbatdagi jahon chempionati start oladi. Bo‘lajak mundialda qaysi terma jamoaga muxlislik qilasiz va sizningcha, qaysi yurt vakillari jahon chempioni unvoniga sazovor bo‘lishadi?
- Rossiyada o‘tkaziladigan JChda Portugaliya termasiga ishqibozlik qilaman va meniimcha, aynan ushbu yurt vakillari jahon chempioni bo‘lishadi.

- Orzungiz?
- Xorij klublari, jumladan, Ispaniyaning “Real” va Angliyaning “Manchester Yunayted” klublarida to‘p surish hamda milliy terma jamoamiz sardori bo‘lish. Ushbu orzumni amalga oshirish uchun qo‘ldan kelganicha harakat qilaman.

Blits - anketa
Yoqtirgan rangingiz?
Yashil.

Avtomobil?
“Kaptiva”.

Muxlislik qiladigan jamoangiz?
Birdaniga 3ta klubga, ya’ni Ispaniyaning “Real”, Angliyaning “Manchester Yunayted” va Italiyaning “Yuventus” jamoalariga muxlislik qilaman.

Bizning ma’lumot
Oston O‘runov - 2000 yil 19 dekabrda Navoiy shahrida tug‘ilgan.

Futbol bilan 10 yoshidan shug‘ullanishni boshlagan.
Birinchi murabbiyi: Abduxalil Inoyatov.

“Paxtakor” futbol akademiyasida tahsil olgan.
Respublika olimpiya zaxiralari kolleji talabasi.

Ampluasi: yarim himoyachi.
O‘ynagan jamoalari: “Paxtakor” (Toshkent, yoshlar jamoasi) – 2016 yil - 2017 yilning 1-davrasi. 2017 yilning 2-davrasidan “Navbahor”da.
Ulug‘bek Umarov suhbatlashdi.

Manba: Sports.uz

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Oston O‘runov: “Real” va MYuda o‘ynashni orzu qilaman