14:15 / 19.10.2018
2 663

Bugun Arsen Venger «Bavariya» bosh murabbiyi etib tayinlanishi kutilmoqda

Bugun Arsen Venger «Bavariya» bosh murabbiyi etib tayinlanishi kutilmoqda
Bugun, 19 oktyabr kuni fransiyalik mutaxassis Arsen Venger «Bavariya» bosh murabbiyi etib tayinlanishi mumkin. Bu haqda Bild nashri xabar tarqatdi deb yozadi Kun.uz.

Manbaning ma’lum qilishicha, bugun Myunxen klubida matbuot anjumani tashkil etiladi va unda jamoa boshqaruvi raisi Karl-Xayns Rumenigge va sport direktori Hasan Salihamidovich ishtirok etadi. Tadbirda jamoa bosh murabbiyi Niko Kovach o‘rniga 68 yoshli Arsen Venger ish boshlashi haqida e’lon qilinishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, «Arsenal»ning sobiq ustozi shu hafta bergan intervyusida 1 yanvardan ishga qaytishini ma’lum qilgandi:

«Arsenal»da o‘tkazilgan 22 yil evaziga menda ulkan tajriba to‘plangan. Hozirda mening xizmatlarimga butun dunyoda talab bor. Futbol assotsiatsiyalaridan ham, terma jamoalardan ham. Ayniqsa Yaponiyadan jiddiy takliflar bor.
O‘ylaymanki, men 1 yanvardan ishga qaytaman. Yaxshi dam oldim va ishlashga tayyorman. Qayerdami? Hozircha aniq ayta olmayman», — deya ta’kidlagan edi Arsen Venger.

Ma’lumot uchun, «Bavariya»ning amaldagi bosh murabbiyi Niko Kovach shu yilning aprel oyida Yupp Xaynkess o‘rniga jamoa boshqaruviga kelgan, u bilan 3 yillik shartnoma imzolangan edi. Nemis mutaxassisining debyut bahsi Germaniya Superkubogi uchrashuvi bo‘lgan, unda myunxenliklar «Frankfurt»ni 5:0 hisobida mag‘lub etib, sovrin egasiga aylanishgan edi.

Ortda qolgan vaqt davomida Germaniya chempioni Kovach qo‘l ostida 11 o‘yinda maydonga tushib, 7 g‘alaba, 2 durang va 2 mag‘lubiyat qayd etdi. Jamoa qariyb bir oydan buyon g‘alaba qozona olmay kelmoqda. 25 sentyabr kuni «Augsburg» bilan durang (1:1) qayd etgan «Bavariya» oradan uch kun o‘tib «Herta» maydonidan mag‘lubiyat bilan qaytgan edi (0:2). Shundan so‘ng YeChLdagi «Ayaks» bilan o‘yin 1:1 hisobi bilan yakun topdi, Bundesligada eng asosiy raqib «Borussiya M»ga «Alyans Arena»da yirik hisobda imkoniyat boy berildi – 0:3. Umuman, klub so‘nggi to‘rt muvaffaqiyatsiz o‘yindan uchtasini o‘z maydonida o‘tkazgan edi.

«Bavariya» Bundesliganing 7-turidan keyin 13 ochko bilan 6-o‘rinni egallab turibdi. Birinchi o‘rindagi Menxengladbaxning «Borussiya» klubi 17 ochkoga ega.

Dasturlash foundation


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » Bugun Arsen Venger «Bavariya» bosh murabbiyi etib tayinlanishi kutilmoqda