07:48 / 21.01.2021
2 492

"Nasaf"dek klub yo‘q bo‘lib ketsa, keyin attang qilib qolamiz" - Sergey Kucherenko

"Nasaf"dek klub yo‘q bo‘lib ketsa, keyin attang qilib qolamiz" - Sergey Kucherenko
Kecha Qarshi shahrida "Nasaf" klubidagi moliyaviy muammolarni yechish masalalari muhokama qilindi. Qashqadaryo viloyati hokimi Zoyir Mirzayev o‘tkazgan mazkur yig‘ilishda O‘FA vakili, Qashqadaryo FA vakili, viloyat DXX vakili, "Sho‘rtan gaz kimyo majmuasi" bosh direktori-"Nasaf" klubi prezidenti Shuhrat Aslanov, "Nasaf" klubi bosh direktori Sergey Kucherenko va "Nasaf" klubi bosh murabbiyi Ro‘ziqul Berdiyev ishtirok etdi. Biz "Nasaf" klubi bosh direktori Sergey Kucherenkoga qo‘ng‘iroq qilib hozirgi vaziyat haqida so‘radik.

"Kecha haqiqatdan ham yuqori darajadagi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi. Unda "Nasaf" klubining kelajagi muhokama qilindi. Bilasizmi o‘tgan mavsum jamoamiz Superligada ikkinchi o‘rinni egalladi. Bu ajoyib natija. Ayni paytda O‘zbekistonda moliyaviy holat va tarkib jihatidan "Paxtakor" bilan hech kim tenglasha olmaydi. Bizning yigitlar men uchun haqiqiy chempion. Shunday ekan ularga shunchaki kumush medal taqib qo‘yish to‘g‘ri bo‘lmasdi. Ularni munosib rag‘batlantirish zarur. Viloyat hokimi va klub rahbariyati tez fursat ichida barcha qarzdorliklar bartaraf etilishini ma’lum qilishdi. Buning uchun bor kuchlar ishga solinadi.

Bilasizmi 2020 yil butun dunyo uchun og‘ir bo‘ldi. Bu klubimizga ham ta’sir qilmay qolmadi albatta. Futbolda har kuni ishlash kerak, futbolchilarga sharoit yaratib berish bizning vazifamiz. Futbolchilar shunday kasb egasiki har kuni mashg‘ulotga boradi, dam oladi va futbol o‘ynaydi. Asosiy vaqti bazada o‘tadi. Shunday ekan ulardagi motivatsiya yuqori bo‘lishi uchun rag‘batlantirish zarur.

"Nasaf"dagi infratuzilma hattoki "Paxtakor"da ham yo‘q deb bemalol ayta olaman. Hisoblab chiqsak "Nasaf"da o‘smirlar, yoshlar va milliy terma jamoalarida o‘ynashi mumkin bo‘lgan 30dan ortiq nomzod bor ekan.

Pul bor joyda ishonchsizlik ham bo‘lishi tabiiy. Marhamat kimda shubha bo‘lsa istalgan tashkilot kelib tekshirishi mumkin. Biz har bir so‘m nimaga sarflanganini ko‘rsatib bera olamiz. Men rahbar bo‘lgan ikki yilni olsak bu davrda bir qator ta’mirlash ishlari olib borildi, baza, basseyn remont qilindi. "Sputnik"da yangi maydon barpo etildi. Maydonlarga suv sepish ishga tushirildi.

Bilaman hozirgi pandemiya vaqtida balki kimlargadir futbol kerak emasdek tuyular, biroq agar hozir klubga yuzaki qarasak ertaga attang qilib qolishimiz aniq. "Nasaf"da poydevor bor, bekorga 3 yildan buyon "Nasaf" U-18 chempion bo‘lib kelmayapti. "Nasaf"da yosh bolalarning ta’lim olishi ham e’tibor juda katta. Masalan yaqin vaqt ichida akademiyaga keladigan 6-7 yoshli bolalar haftasiga uch marta rus va ingliz tilini o‘rganishadi.

Yigitlarga, murabbiylarga katta rahmat aytaman. Ular o‘tgan mavsum qiyin vaziyatga qaramay kumush medallarni qo‘lga kiritishdi. Ishonamanki rahbariyat bizni shunday holatda tashlab qo‘ymaydi. Takrorlayman agar kimda shubha bo‘lsa bemalol kelib tekshirishi mumkin. Sarflangan pullar evaziga nimalar qilingani, nimalar qurilganini ko‘rsatamiz. Barchasi shaffof bo‘lishi zarur.

Nasib qilsa ertaga futbolchilar tibbiy ko‘rikdan o‘tishadi. Murabbiy va futbolchilar bilan ham shartnoma uzaytirish ustida ish olib borilmoqda. 4 nafar futbolchining shartnomasi tugagan, ular yoki chet el klubiga ketishi yoki o‘zimizda qolishi borasida muzokara olib borilmoqda. Masalan, Azizjon G‘aniyev xorijga ketdiku. Ma’lumot uchun G‘aniyevning transferidan tushgan pullar evaziga klub qiyin vaziyatda kun ko‘rdi. Agar bu transfer bo‘lmaganida juda ham qiynalib qolardik.

To‘g‘ri Osiyo chempionlar ligasiga yo‘llanma oldik, lekin unda ishtirok eta olmaymiz. OCHL uchun litsenziyadan o‘ta olmasligimizga moliyaviy qarzdorlik sabab bo‘ldi. Pandemiya tufayli futbolchilardan 5 oylik qarzimiz bor edi. Shu vaqtda litsenziyalash amalga oshirildi. Litsenziyalashni oxiriga yetkaza olmaganlar allaqachon klubdan ketishgan va hozir "Nasaf"da emas.

Maqsadimiz yanvar oyi oxirigacha o‘tgan yilgi barcha qarzlardan butunlay qutulish va fevral oyida 2021 yilgi yanvar oyining maoshini berish", - deydi Sergey Kucherenko.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » "Nasaf"dek klub yo‘q bo‘lib ketsa, keyin attang qilib qolamiz" - Sergey Kucherenko