12:24 / 02.01.2022
1 271

2021 yil o‘zbek futbolida nimalar ro‘y berdi?

2021 yil o‘zbek futbolida nimalar ro‘y berdi?
Ortda qolgan yilda futbolimiz voqeliklarga boy o‘tdi. Afsuski, voqealar ijobiy tomondan ko‘ra salbiy jihatlar bilan yodda qoldi. Yangiliklar bor, ammo terma jamoalar miqyosidagi natijalarning salmog‘i bosib ketdi. Keling 2021 yil o‘zbek futbolida nimalar ro‘y berganiga e’tibor qaratamiz.

“Olimpik” jamoasi tashkil etildi
Yil boshida "Parij-2024" yozgi Olimpiya o‘yinlariga futbol bo‘yicha olimpiya terma jamoamizni hozirdan tayyorlash uchun “Olimpik” klubi tashkil etildi.

Jamoaga Timur Kapadze bosh murabbiy etib tayinlandi. Pro ligadan ishtirokni boshlagan “Olimpik” uy uchrashuvlarini “Jar” stadionida o‘tkazdi. Jamoa yoshlardan tashkil topdi.

“Paxtakor” O‘zbekiston Superkubogini qo‘lga kiritdi
6 mart kuni Samarqand shahrida "Paxtakor" va "Nasaf" jamoalari o‘rtasidagi O‘zbekiston Superkubogi o‘yini bo‘lib o‘tdi. "Dinamo" stadionida kechgan uchrashuvda "sherlar" 1:0 hisobida g‘alaba qozondi.

Dragan Cheran tomonidan kiritilgan gol evaziga toshkentliklar tarixda ilk bor Superkubokni qo‘lga kiritishdi.

Superligada 2 ta xususiy klub qatnashdi
Bu mavsum O‘zbekiston chempionatida 2 ta xususiy klub qatnashdi. Bu - Pro ligadan Superligaga yo‘l olgan “Andijon” va “Turon”. Mazkur jamoalar xususiy tadbirkorlarga tegishli.

“Paxtakor” va AGMK OCHL-2021 guruh bosqichida qolib ketdi
O‘zbekiston nomidan OCHL-2021da ikkita klubimiz qatnashdi. Chempion “Paxtakor” Osiyo chempionlar ligasi guruh bosqichida ishtirok etdi. AGMK esa pley-offdan yurishni boshladi.

Olmaliqliklar “Al Garafa” bilan o‘tish bahsida 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Qo‘shimcha taymlarning oxirgi daqiqasida Yovan Jokich urgan gol Mirjalol Qosimov shogirdlarini guruh bosqichiga olib chiqdi.

Piter Xyuistra jamoasi guruh bosqichida bir g‘alaba, 4 durang va 1 mag‘lubiyat qayd etib, 7 ochko bilan 3-o‘rinni qo‘lga kiritdi.

Olmaliq jamoasi 2 g‘alaba, 1 durang va 3 mag‘lubiyat qayd etgan holda 7 ochko bilan 4-pog‘onani band etdi.

O‘zbekiston MTJ birinchi marta JCH 2-saralash bosqichidan o‘ta olmadi
Pandemiya tufayli OFK iyun oyidagi jahon chempionati saralash bahslarini markazlashgan holda o‘tkazishga qaror qildi. “D” guruh o‘yinlariga Saudiya Arabistoni mezbonlik qildi.

Markazlashgan turnirdagi ilk turda Singapur taslim etildi - 5:0. Yaman minimal hisobda mag‘lubiyatga uchratildi 1:0. Ammo oxirgi o‘yinda Saudiya Arabistonidan zarba qabul qilib oldik 0:3. Shu tariqa, terma jamoamiz guruhda ikkinchi o‘rinni egalladi. Ammo bu natija vakillarimizni 3-saralash bosqichiga chiqishiga kamlik qildi. Terma jamoamiz ilk bor 2-saralash bosqichida qolib ketdi.

Vadim Abramov iste’foga chiqarildi
19 iyun kuni Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining navbatdan tashqari kongressi bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda O‘FA rahbari terma jamoa qoniqarsiz natija qayd etilgani bois Vadim Abramov iste’foga chiqarilganini ma’lum qildi.

Odil Ahmedov dastlab terma jamoadagi, keyin esa futbolchilik faoliyatini yakunladi
Milliy olimpiya qo‘mitasidagi O‘FAning navbatdan tashqari kongressida Odil Ahmedov terma jamoadagi faoliyatini yakunlaganini e’lon qildi.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay, sobiq sardorimiz futbolchilik faoliyatini ham yakunladi. Shundan so‘ng Ahmedov O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasida vitse-prezident lavozimini egalladi.

Eldor Shomurodov “Roma”ga o‘tdi
Eldor Shomurodov 2021 yilning avgustida “Jenoa”dan “Roma”ga ko‘chib o‘tdi. Genuyaliklar 17.5 million yevro evaziga hamyurtimizni rimliklarga transfer qilishdi. O‘zbekiston milliy terma jamoasi hujumchisi “bo‘rilar” bilan 5 yillik, ya’ni 2026 yilning 30 iyuniga qadar shartnoma imzoladi.

Srechko Katanes terma jamoa bosh murabbiyiga aylandi
27 avgust kuni Srechko Katanes O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi bilan shartnoma imzoladi. Shartnomaga ko‘ra, 1963 yilda Sloveniyaning Lyublyana shahrida tavallud topgan mutaxassis 2025 yilga qadar O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi sifatida faoliyat yuritadi.

Milliy jamoamiz murabbiylar shtabida 5 nafar xorijlik mutaxassis ishlamoqda. Alesh Chex va Vlado Radmanovich yordamchi murabbiy, Martin Magister jamoa a’zolarining jismoniy tayyorgarligiga javobgar, Nihad Peykovich esa darvozabonlar murabbiyi, Yan Katanes fizioterapevt sifatida faoliyat yuritmoqda.

Jasur Yaxshiboyev “Real” darvozasiga gol urdi
28 sentyabr kuni barchaning nigohi Madridga qaratildi. Shu kuni hamyurtimiz Jasur Yaxshiboyev YECHL doirasida “Real”ga qarshi uchrashuvda “Sherif”ning asosiy tarkibiga kiritildi.

Shu kechada Yaxshiboyev jamoasining g‘alabasiga katta hissa qo‘shdi. Vakilimiz qanotdan uzatib berilgan to‘pni boshi bilan Kurtua darvozasiga yo‘llab, moldovaliklarning birinchi goliga mualliflik qildi. Yakunda “Sherif” Madriddan 2:1 hisobidagi g‘alaba bilan qaytishni uddaladi. E’tiborlisi, Jasur Yaxshiboyev O‘zbekiston milliy terma jamoasining sobiq hujumchisi Maksim Shatskixdan so‘ng “Real” darvozasini ishg‘ol qilgan o‘zbekistonlik ikkinchi futbolchiga aylandi.

Futzal. O‘zbekiston MTJning JCHdagi ishtiroki va tarixiy natijasi
Litva sentyabr - oktabr oylarida futzal bo‘yicha jahon chempionatiga mezbonlik qildi.

“V” guruhida Rossiya, Gvatemala va Misr ishtirok etgan kvartetda hamyurtlarimiz birgina g‘alaba qayd etishdi. Bahodir Ahmedov shogirdlari ilk turda Gvatemaladan 5:4 hisobida yengildi. Ikkinchi turda Rossiya vakillarimizni 4:2 hisobida taslim etdi. Terma jamoamiz guruhdagi oxirgi o‘yinda Misrni mag‘lubiyatga uchratdi - 2:1.

Shu tariqa, O‘zbekiston milliy terma jamoasi guruhda Rossiyadan keyin ikkinchi o‘rin bilan nimchorak finalga yo‘l oldi. Bu tarixiy natija sanaladi. Ikkinchi bor jahon chempionatida ishtirok etgan hamyurtlarimiz pley-offga yo‘l oldi. Futzalchilarimiz mundialdagi dastlabki ishtirokida guruh bosqichi bilan kifoyalangandi.

Nimchorak finalda O‘zbekiston terma jamoasi Eron bilan kuch sinashdi. Gollarga boy o‘tgan bahsda hamyurtlarimiz alamli tarzda mag‘lubiyatga uchradi. Forslar 9:8 hisobidagi g‘alaba bilan chorak finalga chiqdi.

“Paxtakor” - O‘zbekiston chempioni
Yangi mavsum oldidan “Paxtakor” tarkibda asosiy futbolchilardan ayrilgandi. Jamoani Jaloliddin Masharipov, Doston Hamdamov, Odil Hamrobekov va bosh murabbiy Shota Arveladze tark etgandi. Ammo gruziyalik mutaxassisga yordam bergan Piter Xyuistra “sherlar”ni chempion qila oldi.

E’tiborlisi, ayrimlarning nazdida tarkibdagi o‘zgarishlar tufayli biroz kuchsizlangandek ko‘ringan “Paxtakor” muddatidan avval chempionlikka erishdi. Faqatgina sovrindorlar va ligani tark etadiganlar oxirgi turda hal bo‘ldi.

"So‘g‘diyona"da dastlabki kumush medallar
"So‘g‘diyona" Superliganing oxirgi turida AGMK bilan kuch sinashdi. Jizzaxliklar Olmaliqda mezbonlar darvozasini hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqada penaltidan gol urib, 2-o‘rinni egalladi. Mirjalol Qosimov jamoasi bronza medali bilan cheklandi.

Shu tariqa, Ulug‘bek Baqoyev shogirdlari vitse-chempionga aylandi. Tarixga nazar solsak, "So‘g‘diyona" 1992 yili o‘tkazilgan O‘zbekiston chempionatida 3-o‘rinni egallagan ekan. Bu "So‘g‘diyona" uchun ikkinchi medal hisoblanadi.

Superligani 3 klub tark etdi. Ilk bor Pro ligadan 3 jamoa yuqori divizionga yo‘l oldi
2021 yilgi futbol mavsumida Superligaga qadam qo‘ygan “Andijon”, yaqindagina tashkil etilgan “Turon” va “Mash’al” chempionat bilan xayrlashdi. Vodiyning ushbu ikki klubi mavsum davomida jon saqlab qola olarmikinman, degan hayol bilan mashg‘ul bo‘ldi. Muborakliklardan esa oxirida kutilmaganda omad yuz o‘girdi.

“Gazchilar” so‘nggi natijalardan kelib chiqib, o‘tish o‘yinida qatnashishdi. Biroq “Mash’al” Toshkentda “Olimpik”dan yengildi. Timur Kapadze shogirdlari o‘z darvozalaridan birinchi bo‘lib to‘p olib chiqishlariga qaramay, 3 bor raqibni jazolashdi.

Shu tariqa, “Mash’al” o‘tish o‘yinida Pro liga vakiliga imkoniyatni boy bergan birinchi jamoa bo‘ldi. Endi Pro liganing 3 jamoasi ilk bor Superligada qatnashadi.

“Nasaf” OFK kubogi finalchisi
"Nasaf" OFK kubogi finalida Bahraynning “Al Muharraq” klubiga qarshi maydonga tushdi. Hal qiluvchi bellashuv Bahrayndagi "Shayx Ali Bin Muhammad" stadioni kechdi.

Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari finalga qadar guruh bosqichida "Alay", "Xo‘jand", "Oltin asr", keyingi bosqichlarda "Ahal", "Mohun Bagan", "Li Man" kabi jamoalarni yo‘lidan olib tashladi. Biroq finalda qarshiliklardan omad yuz o‘girdi.

Uchrashuvda kutilmagan natija qayd etildi. 10 yildan so‘ng OFK kubogi finaliga chiqqan “ajdarlar” 3:0 hisobida mag‘lubiyatga uchrashdi.

Shuningdek, "Nasaf" hujumchisi Husain Norchayev OFK Kubogi to‘purariga aylandi. Futbolchi 7 bor darvozalarga yo‘l topdi.

“Nasaf” - O‘zbekiston kubogi sohibi
4 dekabr kuni Samarqanddagi “Dinamo” stadionida O‘zbekiston kubogi finali bo‘lib o‘tdi. Unda “Paxtakor” va “Nasaf” o‘zaro bellashdi.

Uchrashuvda “sherlar” safidagi Odil Hamrobekov birinchi bo‘lib darvozani ishg‘ol qildi. 34-daqiqada Oybek Bozorov qizil kartochka olib maydonni tark etdi. Oradan ikki daqiqa vaqt o‘tar-o‘tmas Bahrom Abdurahimov muvozanatni tikladi - 1:1. Ikkinchi taymda esa G‘olib G‘aybullayev jamoasiga g‘alaba keltiruvchi gol muallifiga aylandi.

Ro‘ziqul Berdiyev shogirdlari o‘z tarixida ikkinchi marta kubokda zafar quchmoqda. Bundan avval 2015 yili “Nasaf” kubokni qo‘lga kiritgandi.

Mavsumni yakunlab bergan “Paxtakor” va “Nasaf” O‘zbekistonda 2022 yilgi futbol mavsumini ham boshlab beradi. Bu jamoalar Superkubok uchrashuvida to‘qnashadi. Mazkur bahs 26 fevral kuni bo‘lib o‘tadi.

BЕKZOD Isayev tayyorladi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Sport » 2021 yil o‘zbek futbolida nimalar ro‘y berdi?