“Roma” mavsum boshida kutilgan ishonchlarni oqlay olmadi. Avvaliga ketma-ket g‘alabalarga erishgan jamoa sekin-asta avvalgi holiga qaytdi. Katta umidlar bilan olib kelingan Joze Mourino ham, uning talabi bilan qayta tuzilishi davom etayotgan tarkib ham yuqori marralar uchun kurashishga ojizlik qilayotgani yaqqol sezilib qolmoqda. To‘g‘ri, ba’zan Rim futbolchilari yorqin o‘yin ko‘rsatgan uchrashuvlar ham bor, lekin ular kam, maqsad yo‘lida yetarli emas.
“Milan”dan alamli mag‘lubiyatga uchragan Joze Mourino “Olimpiko”dagi uchrashuvda “Yuventus”ni tiz cho‘ktirib, rahbariyat va muxlislar oldida o‘zini oqlab olishni mo‘ljallagan edi. Boshida hammasi rejadagidek ketdi, 70-daqiqagacha turinliklarni chilparchin qilib turgan “Roma” ikki to‘p farqi bilan oldinda borayotgan edi.
Grand klublarning “Roma”dan farqi shundaki, ular nechta to‘p farqi bilan ortda qolayotganiga qaramay, oxirigacha kurashadi va mag‘lubiyatni g‘alabaga aylantirishga qodir. “Yuventus” futbolchilari ana shu hal qiluvchi harakatni boshlaganida Joze Mourino maydonga Eldor Shomurodovni tushirdi. O‘zbek legioneri o‘yinga bevaqt qo‘shilib qoldi, xolos.
Bahs oxirigacha yana uchta to‘p o‘tkazib, 3:4 hisobida mag‘lubiyatga uchragan “Roma” bosh murabbiyi bellashuvdan keyin mag‘lubiyatga Eldorni aybdor qilib ko‘rsatdi.
- 70 daqiqa davomida o‘yinni to‘liq nazorat qildik. Jamoa juda zo‘r o‘ynadi. Biroq 70-daqiqadan so‘ng psixologik nososlik ro‘y berdi. Afena-Gyan ajoyib o‘yin o‘tkazdi, lekin uni almashtirgan futbolchi (Eldor Shomurodov) hammasini noto‘g‘ri qildi. U maydonga tushgan ilk daqiqadan xato qila boshladi. Raqib hisobni 3:2 ga qisqartirganida biz tamom bo‘ldik. Turin klubi kuchli xarakterga ega jamoa ekanligini yana bir bor isbotladi.
Mag‘lub bo‘layotgan paytingizda, oyoqqa turishingiz va xarakter ko‘rsatishingiz zarur. Ammo bizda juda bo‘sh va zaif insonlar bor, - dedi Joze Mourino.
Uchrashuvni tahlil qilayotgan mutaxassislar portugaliyalik murabbiyning bergan bahosiga qo‘shilmadi. Har ikki jamoa bosh murabbiylarining qo‘llagan taktikasiga e’tibor qaratgan www.calciomercato.com nashri Massimiliano Allegri o‘yinni o‘z foydasiga hal qilishda Mourinodan ustun ekanini yozmoqda. Mazkur sayt Mourinoning qarorlari va harakatlariga kuyidagicha izoh berdi:
Mourino mag‘lubiyatga jo‘yali asos topa olgani yo‘q. “Roma” futbolchilarining kuchli klublar oldida o‘zini ojiz sanashi avvalgi bosh murabbiy Paulu Fonsekadan meros qolgan. Agar bosh murabbiy almashsa-yu, lekin futbolchilarning psixologiyasi o‘zgarmasa, bu aslida kimning muammosi ekanini hamma biladi.
Mourino mag‘lubiyatga aybdor sifatida Shomurodovni barmoq bilan ko‘rsatgunicha, ko‘plab muammolarni yechishi kerak edi.
Joze Feliksning zo‘r o‘yini evaziga jamoa 3:1 hisobida yutib turganida Shomurodovni o‘yinga qo‘shib, uni yomon himoyalanganlikda ayblamoqda. Xo‘sh, jamoasi oldinda borayotgan Mourino g‘alabani ushlab qolish va himoyadagi teshiklarni yopish uchun nega asl himoyachi Marash Kumbullani maydonga tushirmadi? Yoki himoyalanishda o‘zbek hujumchisidan ustun bo‘lgan himoyachi Rikkardo Kalafori xizmatidan foydalanmadi?
Bunga sabab bitta. Massimiliano Allegri taktik o‘zgartirishlar kiritib, Mourinoni chalg‘itib qo‘ydi. U maydonga Alvaro Morata va Arturni tashladi, Manuel Lokatellining vazifasini o‘zgartirdi va shu tariqa jamoasining ustunligini ta’minladi.
Shuningdek, tajribali Allegri “Roma” o‘yinchilarining individual xatolarining kelib chiqishiga sabab bo‘lgan jamoaviy kamchiliklarga bosim qilish orqali o‘z maqsadiga yetdi.
Joze Mourino esa, o‘z oldiga qo‘yilgan vazifani uddalash uchun hali ancha mashaqqatli mehnat qilishi va ko‘plab kamchiliklarga oqilona yechim topishi talab etiladi.
Darhaqiqat, “Roma” mavsum o‘rtasiga kelib, katta ehtimol bilan, birinchi maqsadi – chempionatni kuchli to‘rtlikda yakunlab, Yevropa Chempionlar ligasiga yo‘llanmasini qo‘lga kiritish imkoniyatidan mosuvo bo‘ldi.
Endi Joze Mourino o‘zini xotirjam qilishi, rahbariyat va muxlislar ishonchini qaytarish uchun Konferensiyalar ligasining bosh sovrini yutishiga to‘g‘ri keladi. “Zamin” yangiliklarini “Youtube”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
NATO bosh kotibi Ukrainaning frontdagi ahvoli yomonlashganini tan oldi
Kreml Ukraina bo‘yicha muzokarada shartlar qo‘yishga urinmoqda
Har qanday katta yoshdagi kishi yetuk emas
Rossiya armiyasi Kupyanskka kirgani aytilmoqda
KXDR yetakchisi dronlarni ommaviy ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni buyurdi
Pashinyan Armanistonning Mustaqillik deklaratsiyani eng katta muammo va fojia deb atadi
Borrel YEIning Isroil bilan muloqotini to‘xtatishni taklif qildi
Blinken Isroildan uchta muammoni hal etishni talab qildi