Koinotdan hayratlanarli suratlar: Kosmonavtlar Yer atrofini toʻrt marta aylanib chiqdi

Rossiyalik kosmonavtlar Sergey Kud-Sverchkov va Sergey Mikaev 27-may kuni ochiq koinotga chiqish vaqtida Yer sayyorasini toʻrt marta aylanib chiqishga ulgurishdi. Kud-Sverchkovning soʻzlariga koʻra, kemadan tashqaridagi faoliyat 6 soat-u 6 daqiqa davom etgan va bu vaqt davomida ekipaj aʼzolari belgilangan vazifalarni bajarishga toʻliq eʼtibor qaratishgan. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Kosmonavt oʻzining Telegram-kanalida ish jarayonida olingan noyob suratlarni eʼlon qildi. Ular orasida quyosh nuri ostidagi okeanlar va Qizil dengiz sohilidagi Saudiya Arabistoni tungi shaharlarining manzaralari bor. Kud-Sverchkov koinotdan Yer koʻrinishi odatiy holga aylangan boʻlsa-da, stansiya tashqarisidagi ishdan haqiqiy zavq olganini taʼkidladi.
Xalqaro koinot stansiyasi bortidagi ishlar davomida mutaxassislar “Zvezda” moduliga “Solntse-teragers” tajriba uskunalarini oʻrnatishdi, “Nauka” modulidan “Ekran-M” namunalarini demontaj qilishdi va “Poisk” modulidan “Biorisk” loyihasi konteynerini olishdi. Dastlab ochiq koinotdagi ishlar 5 soat-u 27 daqiqa davom etishi rejalashtirilgan edi, biroq dasturni toʻliq yakunlash uchun yana 40 daqiqa qoʻshimcha vaqt talab etildi.
Stansiya ichkarisida ekipaj ishini kosmonavt Andrey Fedyaev muvofiqlashtirib turdi. U Yevropaning ERA robotlashtirilgan manipulyatorini boshqarish orqali ochiq koinotdagi hamkasblariga koʻmaklashdi.





























Izohlar 0
…