Starlink firibgarlarga qarshi kurash boshladi: terminallar butun dunyo boʻylab oʻchiriladi

Starlink jamoasi rasmiy bayonot bilan chiqib, noqonuniy faoliyatda, xususan, keng koʻlamli onlayn firibgarlik va kripto-skamlarda foydalanilayotgan terminallarni aniqlash hamda oʻchirish boʻyicha huquq-tartibot idoralari va texnologik kompaniyalar bilan faol hamkorlik qilayotganini maʼlum qildi. Kompaniya oʻz xizmatlarining faqat ezgu maqsadlarda qoʻllanilishini taʼminlash uchun shubhali qurilmalarni oldindan bloklash choralarini koʻrmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
Ushbu chora-tadbirlarga AQSH Adliya vazirligi tomonidan oʻtkazilgan birinchi “Firibgarlikka qarshi kurash haftaligi” natijalari sabab boʻldi. Mazkur operatsiya doirasida xususiy sektor bilan hamkorlikda Janubi-Sharqiy Osiyodagi kiber va kriptofiribgarlik tarmoqlariga chek qoʻyildi. Operatsiya natijasida 1,4 milliondan ortiq firibgar akkauntlar bloklandi, 3,8 million dollar miqdoridagi kriptovalyuta muzlatildi va Tailandda bir guruh jinoyatchilar qoʻlga olindi.
Starlink texnologiyasi sayyoramizning eng chekka nuqtalarida — dengiz kemalari va samolyotlardan tortib, ilgari barqaror aloqa boʻlmagan qishloqlargacha yuqori tezlikdagi internetni taʼminlab kelmoqda. Shu sababli, jinoyatchilar ushbu imkoniyatdan oʻz manfaatlari yoʻlida foydalanishga urinishmoqda.
Eslatib oʻtamiz, avvalroq United Airlines oʻz samolyotlarida Starlink internetini keng joriy etishini eʼlon qilgan edi. Shuningdek, Starlink kompaniyasiga Yevropada mobil sunʼiy yoʻldosh spektri boʻyicha savdolarda ishtirok etishga ruxsat berilishi kutilmoqda.





























Izohlar 0
…