Rossiyada sunʼiy yoʻldosh orqali mobil aloqa sinovlari boshlanadi

Rossiyada sunʼiy yoʻldosh orqali mobil aloqa sinovlari boshlanadi

Rossiyaning «Bilayn» operatori va «Byuro 1440» kompaniyasi 2026-yilning kuzida sunʼiy yoʻldosh aloqasini sinovdan oʻtkazishni rejalashtirmoqda. Ushbu loyiha haqidagi maʼlumotlar Peterburg xalqaro iqtisodiy forumi doirasida eʼlon qilindi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

«Bilayn» bosh direktori Sergey Anoxinning soʻzlariga koʻra, sunʼiy yoʻldosh aloqa kanallaridan anʼanaviy telekommunikatsiya infratuzilmasini qurish iqtisodiy jihatdan foydasiz boʻlgan hududlarda foydalaniladi. Bu, birinchi navbatda, optik tolali liniyalarni yotqizish katta xarajat talab qiladigan chekka hududlarga tegishlidir.

«Iks xolding» rahbari Aleksey Shelobkovning taʼkidlashicha, sunʼiy yoʻldoshlar guruhi nafaqat borish qiyin boʻlgan hududlarni internet bilan taʼminlash, balki zaxira aloqa kanali sifatida ham koʻrilmoqda. Bunday yondashuv tarmoq infratuzilmasining barqarorligini oshirishga va muhim obʼyektlar uchun xatarlarni kamaytirishga xizmat qiladi.

«Byuro 1440» hozirda past orbitali sunʼiy yoʻldoshlar orqali maʼlumot uzatish tizimini yaratish ustida ishlamoqda. Kelajakda ushbu tizim butun mamlakat boʻylab keng polosali aloqani taʼminlashi va mavjud yer usti telekom infratuzilmasini toʻldirishi kutilmoqda.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar