Yevropa Ittifoqi AQSH bulutli xizmatlariga cheklov va Chips Act 2.0 loyihasini e’lon qildi

Yevropa Ittifoqi AQSH bulutli xizmatlariga cheklov va Chips Act 2.0 loyihasini e’lon qildi

Yevropa komissiyasi Yevropa Ittifoqining AQSH va Xitoyga texnologik qaramligini kamaytirishga qaratilgan yangi tashabbuslar paketini taqdim etdi. Takliflar mikrosxema ishlab chiqaruvchilarni qoʻllab-quvvatlash, xususiy bulutli servislar tarmogʻini rivojlantirish hamda oʻta muhim ma’lumotlarni saqlash va qayta ishlashga doir yangi talablarni oʻz ichiga oladi. Yevropa komissiyasi raisi Ursula von der Leyen Yevropa shifoxonalar, energetika tarmoqlari va davlat xizmatlari faoliyatini ta’minlovchi texnologiyalar boʻyicha boshqa davlatlarga qaram boʻlib qola olmasligini ta’kidladi. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

Yangi paketning asosiy elementlaridan biri Cloud and AI Development Act (CADA) qonun loyihasidir. Ushbu hujjat xorijiy bulutli infratuzilma yetkazib beruvchilariga bogʻliqlik xavfini kamaytirishga xizmat qiladi. Buning uchun davlat tashkilotlarining maxfiy ma’lumotlari bilan ishlovchi bulutli platformalarning texnologik suvereniteti darajasiga nisbatan umumyevropa talablar tizimini yaratish taklif etilmoqda. Komissiya vitse-prezidenti Henna Virkkunenning soʻzlariga koʻra, Bryussel xorijiy kompaniyalarda muhim infratuzilmani oʻchirib qoʻyish imkoniyati boʻlishini istamaydi.

AQSHning Cloud Act qonuni tufayli Amerika kompaniyalari uchun Yevropada maksimal suverenitet darajasiga erishish qiyin boʻlishi kutilmoqda. Mazkur qonun AQSH huquq-tartibot idoralariga ma’lumotlar qayerda joylashganidan qat’i nazar, ularni talab qilib olish huquqini beradi. Shu sababli, Yevropa Ittifoqi eng nozik ma’lumotlarni aynan Yevropa hududida saqlashni ta’minlashga intilmoqda. Endilikda nafaqat ma’lumotlarning joylashuvi, balki kompaniyalarning egalik tuzilmasi va xorijiy qonunlar ta’siridan himoyalanganligi ham tekshiriladi.

Ikkinchi yirik tashabbus — Chips Act 2.0 loyihasi boʻlib, u mintaqaning yarimoʻtkazgichlar sohasini rivojlantirishga qaratilgan. Dasturning yangi versiyasi yarimoʻtkazgichlarni loyihalash va ishlab chiqarishda tashqi qaramlikni kamaytirish, shuningdek, sun’iy intellekt tizimlari uchun zarur boʻlgan yangi avlod texnologiyalariga e’tibor qaratadi. Yevropa komissiyasi Ittifoq hududida eng zamonaviy mikrosxemalar va AI platformalari uchun chiplar ishlab chiqaradigan yuqori texnologiyali fabrikalar qurishni ustuvor vazifa deb e’lon qildi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar