
Amerika Qo‘shma Shtatlarining Texas shtati, Dallas shahrida yashovchi 14 yoshli o‘quvchi butun dunyo vrachlarini hayratga soldi. Uning nomini eslab qoling — Siddxartx Nandyala. Bu yosh ixtirochi yurak urishi orqali insonda yurak-qon tomir kasalliklari bor-yo‘qligini aniqlay oladigan sun’iy intellekt dasturini yaratdi!
7 soniyada yurak diagnostikasi — fantastika emas, real hayot
Siddxartx yaratgan Circadian AI deb nomlangan mobil ilova oddiy smartfon mikrofoni orqali yurak urishi tovushini yozib oladi va atigi yetti soniya ichida tahlil qilib, tashxis qo‘yadi. Ilovaning aniqlik darajasi — 96 foiz, bu juda yuqori ko‘rsatkich!
Dastur allaqachon sinovdan o‘tgan
Ushbu sun’iy intellekt asosidagi ilova AQSHda 15 mingdan ortiq bemorda va Hindistonda 700 nafar bemorda sinab ko‘rildi. Xususan, Hindistonning Guntur shahridagi davlat shifoxonasida o‘tkazilgan amaliyot samaradorlikni to‘liq tasdiqladi.
Global e’tirof va maqsad
Siddxartx o‘z ixtirosini Haydarobodda bo‘lib o‘tgan Sun’iy intellekt sammitida taqdim etdi va ilovani avvalo tibbiy xizmatdan cheklangan hududlarda foydalanish uchun yaratganini ta’kidladi.
— «Ko‘pchilikda tezkor tashxisga imkoniyat bo‘lmaydi. Agar biz yurak kasalligini erta aniqlasak, inson hayotini saqlab qolishimiz mumkin», — deydi yosh ixtirochi.
Kattalar ham havas qiladi
Siddxartx Nandyala hozirda Oracle va ARM kompaniyalari tomonidan sertifikatlangan eng yosh sun’iy intellekt mutaxassisi hisoblanadi. Qizig‘i shundaki, u allaqachon o‘rta maktabni yakunlab, Dallas universitetida kompyuter fanlari bo‘yicha tahsil olmoqda.
Hindiston bosh vaziridan qo‘llab-quvvatlash
Andhra-Pradesh shtati bosh vaziri yosh ixtirochi bilan shaxsan uchrashib, uning salohiyatini e’tirof etdi va kelgusidagi ilmiy ishlarini qo‘llab-quvvatlashini ma’lum qildi.
Zamin.uz tahlili:
Siddxartx Nandyala — bugungi kundagi texnologiya va ilmning qudratini namoyon qiluvchi yosh yo‘lboshchi. Uning yurak sog‘lig‘ini aniqlashga qaratilgan ilova nafaqat tibbiy inqilob, balki butun dunyodagi millionlab insonlar hayotini saqlab qolishga xizmat qiladi. “Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar