Sunʼiy intellekt kutilgan natijani bermadi: Ford tajribali muhandislarni ishga qaytardi

AQSHning avtomobilsozlik giganti Ford sunʼiy intellekt va avtomatlashtirilgan tizimlarga haddan tashqari ishonib yuborgani kutilgan samarani bermaganini tan oldi. Kompaniya texnologik jarayonlardagi kamchiliklarni bartaraf etish va mahsulot sifatini oshirish maqsadida 350 nafar tajribali muhandisni, jumladan, avvalgi xodimlarini yana ishga qabul qildi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.
Bloomberg nashrining xabar berishicha, Ford kompaniyasining operatsion direktori Kumar Galhotra jurnalistlar bilan suhbatda avtomatlashtirilgan sifat nazorati tizimlari kutilgan natijani koʻrsatmaganini taʼkidlagan. Shu sababli, kompaniya "texnik mutaxassislarni qaytarishga" qaror qildi. Ushbu mutaxassislar ehtiyot qismlar hali zavod konveyeriga yetib kelmasidanoq ulardagi nuqsonlarni aniqlash bilan shugʻullanadi.
Texnologiya va inson tajribasi muvozanati
Ford kompaniyasining avtomobil apparat taʼminoti muhandisligi boʻyicha vitse-prezidenti Charles Poonning soʻzlariga koʻra, kompaniya sunʼiy intellektga oid xato yondashuvni qoʻllagan. "Biz shunchaki sunʼiy intellektni joriy etish va unga dizayn talablarini kiritish orqali yuqori sifatli mahsulot olishimiz mumkin deb yanglishgan edik", — deydi u.Shuni taʼkidlash joizki, Ford sunʼiy intellekt rejalaridan butunlay voz kechayotgani yoʻq. Aksincha, "gray beard" (oqsoqol) deb atalayotgan tajribali muhandislar yosh xodimlarni oʻqitish va sunʼiy intellekt vositalarini qayta dasturlash uchun jalb qilingan. Bu qadam texnologiyani inson tajribasi bilan boyitishga qaratilgan.
Ushbu strategik oʻzgarish allaqachon oʻz mevasini bera boshladi. Ford mutaxassislarining hisob-kitoblariga koʻra, tajribali muhandislarning qaytarilishi joriy yilda xarajatlarni 1 milliard dollarga qisqartirish imkonini beradi. Sifat nazoratining kuchaytirilishi avtomobillarni taʼmirlash va kafolatli xizmat koʻrsatish xarajatlarini sezilarli darajada kamaytiradi.
Maʼlumot oʻrnida, Ford brendi shu haftada eʼlon qilingan JD Power Initial Quality Survey reytingida asosiy avtomobil brendlari orasida yuqori oʻrinni egalladi. Bu kompaniyaning sifatga boʻlgan eʼtibori va inson omiliga qaytishi toʻgʻri qaror ekanligini koʻrsatmoqda. Oʻzbekiston bozorida ham Ford avtomobillari oʻz oʻrniga ega boʻlib, bunday global oʻzgarishlar brendning ishonchliligini yanada oshirishi kutilmoqda.






























Izohlar 0
…