Venice AI startapi 1 milliard dollarlik “yunikorn”ga aylandi

Venice AI startapi 1 milliard dollarlik “yunikorn”ga aylandi

Sun’iy intellekt texnologiyalari rivojlangani sari foydalanuvchilarning shaxsiy ma’lumotlari xavfsizligi masalasi tobora dolzarb bo‘lib bormoqda. Maxfiylikka yo‘naltirilgan Venice AI platformasi ushbu ehtiyojni muvaffaqiyatli qondirib, qisqa vaqt ichida texnologiya olamida katta shov-shuv ko‘tardi. Kompaniya o’zining ilk tashqi investitsiya bosqichida 65 million dollar jalb qilib, bozor qiymatini 1 milliard dollarga yetkazdi va rasman “yunikorn” maqomini oldi. Bu haqda Techcrunch.com xabar beradi.

Venice AI foydalanuvchilarga 200 dan ortiq turli sun’iy intellekt modellaridan, jumladan OpenAI va Anthropic kabi gigantlarning ishlanmalaridan foydalanish imkonini beradi. Biroq, asosiy farq shundaki, platforma foydalanuvchi so’rovlarini to’liq anonimlashtiradi. TechCrunch nashri xabariga ko‘ra, barcha ma’lumotlar mijoz tomonida shifrlanadi va Venice serverlarida hech qanday shaxsiy ma’lumot saqlanmaydi.

Maxfiylik va senzurasiz modellar

Bugungi kunda ko‘plab AI tizimlari qat’iy filtrlar va cheklovlar ostida ishlaydi. Venice AI esa o‘z ma’lumot markazlarida ochiq kodli (open-source) “senzurasiz” modellarni joylashtirgan. Bu foydalanuvchilarga texnologiyaning to’liq salohiyatidan hech qanday korporativ cheklovlarsiz foydalanish imkonini beradi. Kompaniya asoschisi Erik Voorheesning ta’kidlashicha, sun’iy intellekt xuddi Bitcoin kabi neytral vosita bo‘lishi kerak.

Platformaning o‘sish sur’atlari hayratlanarli: ikki yillik faoliyati davomida saytga 850 mingdan ortiq noyob tashrif buyuruvchi kelgan, faol foydalanuvchilar soni esa 3 milliondan oshadi. Har kuni tizim orqali o’rtacha 1,7 million API so’rovlari amalga oshirilmoqda. Eng muhimi, kompaniya allaqachon foydaga kirgan va yillik daromadi 70 million dollardan oshib ketgan.

Investitsiyalar va kelajak rejalari

A seriyasidagi investitsiya raundi Dragonfly kripto-venchur jamg’armasi tomonidan boshqarildi. Shuningdek, jarayonda Coinbase Ventures va North Island Ventures kabi yirik investorlar ishtirok etdi. Bu Venice AI loyihasining nafaqat sun’iy intellekt, balki blokcheyn va kripto-hamjamiyat uchun ham qanchalik muhimligini ko‘rsatadi.

Erik Voorheesning fikricha, insonlarning har bir qadami va so’rovi kuzatilishi har qanday noto’g’i savoldan ko‘ra xavfliroqdir. Venice AI o‘zining shifrlash texnologiyalari orqali raqamli erkinlikni himoya qilishni maqsad qilgan. Hozirda platformaning pullik obunachilari uchun “end-to-end” shifrlash funksiyasi ham mavjud bo‘lib, bu xavfsizlik darajasini yanada oshiradi.

Ushbu muvaffaqiyat sun’iy intellekt bozorida yangi trendni belgilab bermoqda. Foydalanuvchilar endi faqat aqlli botlarni emas, balki ularning shaxsiy hayotiga daxl qilmaydigan xavfsiz texnologiyalarni qidirmoqda. Venice AI esa ushbu bozorda yetakchilikni o’z qo’liga olishga tayyor ko‘rinadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar