O‘zbekiston banklari to‘rt oyda rekord foyda ko‘rdi

O‘zbekiston banklari to‘rt oyda rekord foyda ko‘rdi

2026 yilning yanvar—aprel oylarida O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan 34 ta bank jami 6,94 trillion so‘m sof daromad oldi. Bu ko‘rsatkich 2025 yilning shu davriga nisbatan 2,64 trillion so‘mga yuqori bo‘lgan.

Markaziy bank ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilning dastlabki to‘rt oyida banklar tomonidan 3 trillion so‘m sof foyda qayd etilgan. Shu tariqa, so‘nggi ikki yil mobaynida yanvar—aprel oylaridagi sof daromad hajmi ikki baravardan ortiq o‘sgan.

Joriy yilning 1 may holatiga ko‘ra, mamlakat banklarining umumiy aktivlari 962,8 trillion so‘mga yetgan. Bu ko‘rsatkich bir yil avvalgi davrga nisbatan qariyb 133 trillion so‘mga ko‘paygan.

Tahlillarda qayd etilishicha, banklar aktivlarining 338,5 trillion so‘mi yoki 35 foizi xorijiy valyuta hissasiga to‘g‘ri keladi. Qiyos uchun, 2025 yil may oyi boshida 335,8 trillion so‘mlik aktivlar chet el valyutasida bo‘lib, umumiy aktivlarning 40 foizini tashkil etgan. Natijada, bir yil davomida xorijiy valyutadagi aktivlar ulushi 5 foizga kamaygan.

Shuningdek, aktivlari 30 trillion so‘mdan yuqori bo‘lgan banklar soni 12 tani tashkil etmoqda. Aktivlari 10 trilliondan 30 trillion so‘mgacha bo‘lgan banklar soni to‘qqizta ekani ma’lum qilingan. Bundan tashqari, sakkizta bankning aktivlari 3 trilliondan 10 trillion so‘mgacha bo‘lsa, yana beshta bankning aktivlari 3 trillion so‘mgacha yetadi.

Mutaxassislar fikricha, bank tizimidagi aktivlar va sof foydaning o‘sishi sohaning barqaror rivojlanayotganini ko‘rsatadi.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Aziza Shukhratova
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar