Siemens 2026-yilgi Autocar Awards mukofotining hamkoriga aylandi

Dunyoning eng qadimgi avtomobil nashri boʻlmish Autocar oʻtgan yili boshlangan muvaffaqiyatli hamkorlikni davom ettirgan holda, Siemens kompaniyasi 2026-yilgi Autocar Awards taqdirlash marosimining rasmiy hamkori boʻlishini eʻlon qildi. Ushbu hamkorlik sanoat dasturiy taʻminoti, avtomatlashtirish va raqamli transformatsiya boʻyicha jahon yetakchisini avtomobil olami bilan birlashtiradi. Bu haqda Autocar.co.uk xabar beradi.
Autocar muharriri Mark Tisshawning taʻkidlashicha, oʻtgan yilgi hamkorlik ulkan muvaffaqiyat keltirgan hamda avtomobil sanoatidagi innovatsiyalar va mukammallikka intilish kabi umumiy qadriyatlarni namoyish etgan. Autocar Awards nafaqat eng yaxshi avtomobillarni, balki ularni yaratishda jonbozlik koʻrsatgan soha mutaxassislarini ham taqdirlashi bilan oʻziga xosdir.
2026-yilgi gʻoliblar nomi 10-iyun kuni nashrning barcha bosma va raqamli platformalarida eʻlon qilinadi. Gʻoliblarni shaxsan taqdirlash marosimi esa 9-iyun oqshomida London markazida boʻlib oʻtadi. Siemens vakili Uday Senapati soha dasturiy taʻminot va sunʻiy intellekt hisobiga jadal rivojlanayotganini, bu oʻzgarishlar markazida esa yuqori malakali mutaxassislar turganini qayd etdi.
Mukofotlar orasida sohaning eng yuqori yutugʻi uchun beriladigan Issigonis Trophy va innovatsiyalar uchun Sturmey Award kabi nufuzli sovrinlar bor. Shuningdek, yilning eng yaxshi dizayneri, muhandisi va yetakchi rahbarlari ham aniqlanadi. Avtomobillar yoʻnalishida esa Autocar nashrining besh yulduzli reytingini olgan modellar va Britaniyaning eng yaxshi avtomobillari eʻtirof etiladi.





























Izohlar 0
…