Toyota Highlander muqobili GAC S9 Rossiyada 6,8 mln rubldan sotiladi

Toyota Highlander muqobili GAC S9 Rossiyada 6,8 mln rubldan sotiladi
Audio versiyasi

Rossiya bozorida GAC S9 toʻliq oʻlchamli gibrid krossoverining narxi eʻlon qilindi. Yangi model yagona SX Premium komplektatsiyasida 6,8 million rubl (taxminan 70 ming dollar) etib belgilandi. Sotuvlarning aniq boshlanish sanasi hozircha ochiqlanmagan boʻlsa-da, avtomobil oʻzining boy jihozlari va texnik imkoniyatlari bilan eʻtiborni tortmoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.

SX Premium versiyasi adaptiv osma, 21 dyuymli gʻildirak disklari, 360 darajali kameralar va zamonaviy haydovchi yordamchilari bilan taʻminlangan. Shuningdek, salonda proyeksion displey, uch zonali iqlim nazorati hamda birinchi va ikkinchi qator oʻrindiqlari uchun isitish, ventilyatsiya va massaj funksiyalari mavjud. Rul, old oyna va purkagichlar isitish tizimiga ega, oʻrindiqlar esa yuqori sifatli Nappa terisi bilan qoplangan.

GAC S9 uzunligi 5060 mm boʻlgan yirik krossoverlar toifasiga kiradi. Avtomobil ketma-ket gibrid sxemasi asosida qurilgan va toʻliq uzatmali (AWD) tizim bilan jihozlangan. Tizimning umumiy quvvati 340 ot kuchiga teng boʻlib, u 100 km/soat tezlikka 7,2 soniyada erishadi. Kuch qurilmasi tarkibiga 1,5 litrli ichki yonuv dvigateli va CATL kompaniyasining 44,5 kW·soat sigʻimli batareyasi kiradi.

Gibrid tizimning afzalliklaridan biri uning tejamkorligidir: faqat elektr energiyasida 208 km (NEDC sikli boʻyicha), umumiy hisobda esa 1019 km masofa bosib oʻtish mumkin. CATL batareyasi tezkor quvvatlash stansiyalarida 30 foizdan 80 foizgacha atigi 15 daqiqada quvvat oladi. Qoʻshimcha haq evaziga mijozlar faqat tashqi koʻrinish uchun ikki xil variantni — qora rangli dizayn yoki ikki rangli kuzovni tanlashlari mumkin.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Abror Shuhratov
«ZAMIN.UZ» muharriri

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar