date

2-sentyabrdan Piskent avtopoligonida avtomobil sinovlari tugatiladi

2-sentyabrdan Piskent avtopoligonida avtomobil sinovlari tugatiladi

O‘zbekistonda avtotransport vositalarini sinovdan o‘tkazish tizimida muhim yangilik ro‘y bermoqda. Texnik jihatdan tartibga solish agentligi ma’lumotiga ko‘ra, 2025-yil 2-sentyabrdan boshlab Piskent sinov majmuasida avtomobillarni tekshirish amaliyoti rasman to‘xtatiladi.

Eslatib o‘tamiz, mazkur tartib 2024-yil 1-noyabrda kuchga kirgan paytda mamlakatimizda atiga 3 ta rasmiy dilerlik markazi ishlayotgan bo‘lib, ular ham jami 15 ta avtomodel uchungina turini ma’qullash hujjatini qo‘lga kiritgan edi. Shuningdek, tahlillar shuni ko‘rsatdiki, O‘zbekistonga texnik reglament talablariga javob bermaydigan yengil mashinalar ham kirib kelayotgani aniqlangan.

Shu bois, Piskent avtopoligonida Vazirlar Mahkamasi tasdiqlagan texnik me’yorlar asosida sinov ishlari amalga oshirib kelingan. Bu orqali import qilingan avtomobillarning xavfsizligi va me’yorlarga mosligi tekshirib turilgan.

Biroq, hozirgi vaziyat butunlay o‘zgargan. Bugungi kunda 21 ta yirik xorijiy avtokompaniyaning rasmiy dilerlari O‘zbekistonda faoliyat boshladi. Ular orqali 100 dan ortiq rusumdagi avtomobillarga turini ma’qullash hujjatlari rasmiylashtirilgan.

Agentlikning ta’kidlashicha, bu jarayon iste’molchilar manfaatiga xizmat qildi: rasmiy dilerlar orqali xavfsizligi kafolatlangan va sifatli avtotransport vositalarini xarid qilish imkoniyati yaratildi. Shu bilan birga, rasmiy servis markazlari soni ham keskin ko‘paydi.

Shu sababli, rasmiy dilerlar orqali avtomobil xarid qilish tizimi to‘liq yo‘lga qo‘yilgani va bozorda shaffoflik ta’minlanganini inobatga olgan holda, 2025-yil 2-sentyabrdan Piskent avtopoligonidagi sinov jarayonlari to‘xtatiladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Avto » 2-sentyabrdan Piskent avtopoligonida avtomobil sinovlari tugatiladi