date

O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarish hajmi 1 millionga yaqinlashadi

O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarish hajmi 1 millionga yaqinlashadi

“O‘zbekiston – 2030” strategiyasining qayta ko‘rib chiqilgan loyihasida mamlakatda yengil avtomobillar ishlab chiqarish hajmini keskin oshirish asosiy maqsadlardan biri sifatida qayd etilgan. The Gulf Observer manbasiga tayanilgan xabarlarda 2030 yilga borib ishlab chiqarish qariyb 1 million donaga yetishi kutilmoqda.

Ma’lum qilinishicha, yo‘l xaritasi bosqichma-bosqich o‘sishni ko‘zda tutadi: 2026 yilda 460 ming, 2027 yilda 550 ming, 2028 yilda 700 ming donaga chiqish rejalashtirilgan. 2029 yilda 800 ming donadan oshib ketishi, 2030 yilga borib esa deyarli 1 million donaga yaqinlashishi aytilmoqda.

Bu raqamlar “qog‘ozdagi orzu” emas, chunki oxirgi statistika ham sanoat sur’ati oshganini ko‘rsatyapti. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, 2025 yilning yanvar–noyabr oylarida O‘zbekistonda 419 338 dona yengil avtomobil ishlab chiqarilgan. O‘rtacha oylik hajm 38 121 donani tashkil etgan. Eng qizig‘i — 11 oylik natijaning o‘zi 2024 yil davomida ishlab chiqarilgan 399 327 dona avtomobildan yuqori.

Ishlab chiqarishda yetakchi ulush hozircha UzAuto Motorsda saqlanib qolgani qayd etilyapti. Lekin eng yuqori o‘sish sur’ati BYDda kuzatilgan: 2024 yilning dastlabki 11 oyida 2 198 ta avtomobil ishlab chiqargan kompaniya 2025 yilning shu davrida 17 510 taga chiqqan. Ya’ni, bir yilda bir necha barobar o‘sish.

Shu bilan birga, O‘zbekistonda Kia, Chery va Haval kabi brendlar ham ishlab chiqarish hajmlarini kengaytirgani ta’kidlanadi. Milliy statistika ma’lumotlarida bu brendlar bo‘yicha ham chiqarilgan avtomobillar raqamlari keltirilgan.

Xulosa shunday: agar rejalar amalda ham shu sur’atda ketsa, 2030 yilgacha O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarish bozori “bir nechta zavod” emas, butun boshli katta industriyaga aylanadi. Albatta, 1 millionga chiqish uchun lokallashuv, eksport, ehtiyot qismlar zanjiri va kadrlar masalasi hal qiluvchi bo‘ladi. Lekin yo‘nalish aniq: tezlik oshyapti, raqobat kuchayyapti va bozor endi yanada qiziq bo‘ladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Ma’lumot
Mehmon guruhidagi foydalanuvchilar ushbu nashrga izoh qoldira olmaydi.
Yangiliklar » Avto » O‘zbekistonda avtomobil ishlab chiqarish hajmi 1 millionga yaqinlashadi