Yevropa avtomobil bozorida inqilob: Elektromobillar ilk bor benzinli mashinalardan oʻzib ketdi

Yevropa avtomobil bozorida tarixiy burilish nuqtasi qayd etildi: 2026-yilning may oyi yakunlariga koʻra, toʻliq elektr quvvati bilan harakatlanuvchi transport vositalari (BEV) savdo hajmi boʻyicha ilk bor benzinli dvigatelga ega mashinalarni ortda qoldirdi. Bu koʻrsatkich mintaqada ichki yonuv dvigatelli texnikalar davri asta-sekin yakunlanayotganidan dalolat bermoqda. Bu haqda Ixbt.com xabar beradi.
ixbt.com maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan oyda Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya va EAAST mamlakatlarida elektromobillarning ulushi 23,3 foizga yetgan boʻlsa, benzinli modellar 21,7 foizlik natija bilan cheklandi. Umumiy hisobda bir oy davomida mintaqada 1,15 millionga yaqin yangi avtomobil roʻyxatga olingan boʻlib, bu oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 3,6 foizga koʻpdir.
Gibridlar yetakchiligi va anʼanaviy dvigatellarning inqirozi
Yilning dastlabki besh oyi natijalariga koʻra, gibrid avtomobillar hali ham bozorning eng yirik segmenti boʻlib qolmoqda (37,8 foiz). Biroq, anʼanaviy yonilgʻida ishlaydigan texnikalarga boʻlgan qiziqish keskin pasaymoqda. Yanvar-may oylarida Yevropa Ittifoqida benzinli mashinalar savdosi 18,2 foizga, dizelli modellar esa 16,6 foizga kamaygan.Elektromobillarga boʻlgan talab ayniqsa yirik iqtisodiyotlarda shiddat bilan oʻsib bormoqda. Masalan, Italiyada ushbu koʻrsatkich 75,7 foizga, Fransiyada 55,4 foizga, Germaniyada esa 40,9 foizga oshgan. Bu oʻzgarishlar nafaqat ekologik talablar, balki isteʼmolchilarning zamonaviy texnologiyalarga boʻlgan ishonchi ortayotgani bilan ham izohlanadi.
Tesla va Xitoy brendlarining muvaffaqiyati
Bozordagi oʻsishning asosiy drayverlaridan biri Tesla kompaniyasi boʻldi. May oyida Tesla Model Y Yevropadagi eng ommabop elektromobilga aylandi — uning savdosi 68 foizga oʻsib, 17 183 donani tashkil etdi. Ikkinchi oʻrinni egallagan Tesla Model 3 esa oʻz koʻrsatkichlarini qariyb uch baravarga yaxshilab, 9 566 dona sotilgan.Shu bilan birga, Xitoy avtomobil sanoati vakillari ham Yevropa bozorini faol egallamoqda. May oyida xitoylik ishlab chiqaruvchilar 121 mingdan ortiq mashina sotib, oʻz bozor ulushini tarixda ilk bor 10,7 foizga yetkazdi. Quyidagi brendlar eng yuqori oʻsish surʼatlarini namoyish etdi:
- BYD — savdo hajmi 145,2 foizga oshib, 135 307 donaga yetdi;
- Chery (shuningdek Jaecoo, Omoda va Jetour) — oʻsish 316 foizni tashkil etdi;
- Leapmotor — savdo koʻrsatkichlari 552,9 foizga yaxshilandi;
- Xpeng — may oyida 138 foizlik oʻsish qayd etdi.






























Izohlar 0
…