O‘zbekistonda 30 yildan oshgan avtomobillarni utilizatsiya qilish tizimi joriy etiladi

O‘zbekistonda 2026 yildan boshlab ishlab chiqarilganiga 30 yil va undan ortiq vaqt bo‘lgan avtomobillarni bosqichma-bosqich utilizatsiya qilish tizimi joriy etiladi.
Chiqindilarni boshqarish agentligi yo‘lga qo‘yayotgan yangi tartibga ko‘ra, eski transport vositalari davlat tomonidan bozor qiymatida sotib olinadi. Avtomobil egalariga ikki xil tanlov berilishi ko‘zda tutilgan. Ular pul kompensatsiyasini olishi yoki mahalliy ishlab chiqarilgan yangi avtomobilni imtiyozli shartlarda xarid qilish uchun elektron vaucherdan foydalanishi mumkin.
Elektron vaucher orqali yangi avtomobilni bo‘lib-bo‘lib to‘lash imkoniyati ham taqdim etiladi. Bu tartib eski transport vositasini topshirgan fuqarolarning yangi avtomobil sotib olishini yengillashtirishga qaratilgan.
Foydalanish muddati tugagan avtomobilni utilizatsiyaga topshirishdan bosh tortgan fuqarolar har yili 30 BHM miqdorida ekologik kompensatsiya to‘lashi kerak bo‘ladi.
Yangi choralar atmosferaga chiqarilayotgan zararli moddalar miqdorini kamaytirish, yo‘l harakati xavfsizligini oshirish va chiqindilarni qayta ishlash tizimini rivojlantirish maqsadida amalga oshiriladi.































Izohlar 0
…