20:10 / 04.06.2022
1 933

Putin saratonga qarshi muolaja olgani aytilmoqda

Putin saratonga qarshi muolaja olgani aytilmoqda
V.Putin Moskvadagi shifoxonalardan birida.
Foto: Kremlin.ru

Rossiya prezidenti Vladimir Putin joriy yil aprel oyida kuchayib borayotgan saraton xastaligiga qarshi muolaja kursini olgan. Bu haqda AQSHning Newsweek nashri josuslik idorasidagi manbalariga tayanib xabar berdi. Nashr manbalari, shuningdek, mart oyida Putinga qarshi suiqasd amalga oshirilganini ma’lum qilgan.

Newsweek muxbiri AQSH milliy razvedka boshqarmasi (ODNI) vakili, harbiy havo kuchlarining iste’fodagi ofitseri hamda Pentagon (mudofaa vazirligi) josuslik boshqarmasi (DIA) xodimi bilan suhbatlashgan.

Suhbatdoshlardan biri Rossiya rahbarining shiddati ancha susaygani, xotima yaqinligini iddao qilgan.

Ayni choqda, josuslik idorasi vakillaridan biri Ukraina bosqinidan keyin Putin yanada kuchli ihotalangani, deyarli xorijlik hamkasblari bilan uchrashmayotgani, bu esa uning salomatligi xususida aniq va ishonarli ma’lumot olishni qiyinlashtirayotganini qayd etgan. Rossiya prezidentining ko‘proq parda ortida bo‘lishga urinayotgani esa turli ovozalarga doyalik qilmoqda.

Ukrainada shafqatsiz urush ketayotgan bir paytda V.Putinning salomatligi yomonlashgani xususida taxminlar ilgari surilmoqda. Xususan, aprel oyida jurnalistik surishtiruvlarga ixtisoslashgan “Proyekt” nashri Rossiya prezidenti saraton xastaligini jarrohlik yo‘li bilan davolovchi shifokorlarning doimiy kuzatuvida ekani xususida yozdi. Mazkur nashrga ko‘ra, saraton xastaligi bo‘yicha mutaxassis Putinning Sochidagi qarorgohiga kamida 35 marta borgan.

Avval xabar berganimizdek, bir necha kun avval bu masalada Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ham bayonot berdi. Mamlakat bosh diplomati Fransiyaning TF1 telekanaliga bergan intervyusida Putinning saraton bilan kasallangani va ikki-uch yil umri qolgani haqidagi mishmishlarni rad etib, uning soppa-sog‘ ekanini qayd etgan.

69 yoshli V.Putinning shaxsiy hayoti hamda salomatligi Rossiyada taqiqlangan mavzular sirasiga kiradi. Rasmiy OAVda mamlakat rahbari muntazam ravishda sport bilan shug‘ullanuvchi, sog‘lom hayot tarziga odatlangan shaxs sifatida ko‘rsatiladi. V.Putin u yoki bu xastalikka chalingani xususidagi xabarlar ko‘p yillardan beri rad etib kelinadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putin saratonga qarshi muolaja olgani aytilmoqda