Ona 6 yoshli qizini qutqarish uchun olov ichiga kirdi

Turkiyaning Ardahan viloyati Damal tumanida qo‘rada yong‘in chiqib, 6 yoshli qiz T. Erensayın bino ichida qolib ketdi. 40 yoshli Özgül Kaya Erensayın qizini qutqarish uchun hech ikkilanmay alanga orasiga kirdi. Bu haqda Haber7 xabar berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, yong‘in Burmadere qishlog‘ining Ag‘yar yaylovidagi qo‘rada pech yoqilganidan keyin boshlangan. Ayol bir muddatga tashqariga chiqqanida ichkaridan tutun chiqayotganini payqagan. Qizining hamon ichkarida ekanini anglagach, uni qutqarish uchun yonayotgan binoga kirgan.
Ona qizini tashqariga olib chiqishga muvaffaq bo‘lgan. Biroq qutqaruv vaqtida uning yuz va qo‘llarida ikkinchi darajali kuyishlar yuzaga kelgan. 6 yoshli qizning ham yuz va qo‘llari kuygan.
Ona va qiz Erzurum shahar shifoxonasining Kuyishlarni davolash markaziga yetkazilib, davolanishga olingan. So‘nggi xabarlarga ko‘ra, ularning ahvoli yaxshi.































Izohlar 0
…