Bolalar pyuresi ortidagi dahshatli sir: go‘daklar shifoxonaga tushdi

QisqachaAI yordamida tayyorlanganKo‘rsatish
- Isroilning Quddus shahrida bolalar uchun mo‘ljallangan "Prinok" brendidagi mevali pyurelardan kuchli tinchlantiruvchi dorilar topilishi ortidan 41 yoshli Yan Shemla gumonlanib, qo‘lga olindi.
- Ushbu mahsulotni iste’mol qilgan bir nechta bola uyquchanlik va holsizlik bilan shifoxonaga yotqizilgan, ularning qonidan benzodiazepinlar guruhiga mansub klonazepam va lorazepam moddalari aniqlangan.
Isroilning Quddus shahrida go‘daklar uchun mo‘ljallangan mevali pyure tarkibidan kuchli tinchlantiruvchi dorilar aniqlangach, 41 yoshli erkak qo‘lga olindi. U mahsulotlarni ataylab dori bilan zararlaganlikda gumon qilinmoqda. Bu haqda The Jerusalem Post xabar berdi.
Voqea iyun oyida, Quddusdagi “Zol VeGadol” supermarketlar tarmog‘ining ikki filialida sotilgan “Prinok” brendi ostidagi bolalar mevali pyurelari bilan bog‘liq holda fosh bo‘lgan. Bir nechta bola ushbu mahsulotni iste’mol qilganidan so‘ng holsizlanib, uyquchanlik va boshqa alomatlar bilan shifoxonaga yotqizilgan.
Shifokorlar bolalarning qonidan benzodiazepinlar guruhiga mansub klonazepam va lorazepam moddalarini aniqlagan. Keyinchalik Sog‘liqni saqlash vazirligi laboratoriya tekshiruvlari davomida ayni moddalar ayrim pyure idishlaridan ham topilganini ma’lum qilgan. Jami beshta mahsulotda ushbu dorilar aniqlangan.
Tergov davomida politsiya janubiy Isroilda yashovchi 41 yoshli Yan Shemlani gumondor sifatida aniqlagan. Huquq-tartibot idoralari ma’lumotlariga ko‘ra, u supermarketdagi pyure idishlarini olib, ularga dori moddalarini qo‘shgan va mahsulotlarni yana javonlarga qo‘ygan bo‘lishi mumkin.
Politsiya gumondorni aniqlash uchun yuzlab soatlik kuzatuv kamerasi yozuvlarini tahlil qilgan. Keyinchalik Shemla yashaydigan manzil kuzatuvga olingan va u o‘z uyida qo‘lga olingan. Politsiya tomonidan e’lon qilingan videolarda uning supermarketdagi harakatlari aks etgan, biroq dori moddasini idish ichiga solayotgan jarayonning o‘zi ko‘rsatilmagan.
Dastlabki tergovda jinoyatning motivi aniqlanmagan. Shuningdek, rasmiylar hodisani terrorchilik bilan bog‘lash uchun asos yo‘qligini bildirgan. Ayni paytda ish bo‘yicha tergov davom etmoqda. 10 sentyabr kuni prokuratura Shemlaga nisbatan ayblov e’lon qilishni rejalashtirayotgani ma’lum bo‘ldi.
Isroil Sog‘liqni saqlash vazirligi ota-onalarni bolalar uchun oziq-ovqat mahsulotlarini xarid qilayotganda qadoqning butunligi va ochilmaganiga e’tibor berishga chaqirgan.






























Izohlar 0
…