date
views 1 996

Gitler va Stalin: ikki diktatorni qiyoslash

Gitler va Stalin: ikki diktatorni qiyoslash
Gitler va Stalinni qiyoslab ko‘rgan tadqiqotchilar qarama-qarshi xulosalarga keladilar. Bu ikki shaxsning qonli biografiyasi turli-tuman fikrlarga turtki berishi tabiiydir.

Ikkalasi ham kelgusida o‘zlari boshqarishlari kerak bo‘lgan imperiyalarning chekka makzillarida tug‘ilgan. Ikalasi ham imperiyaning tub millati vakili bo‘lmaganlar (qolaversa, na Napaleon, na Aleksandr Makedonskiy o‘zlari boshqargan saltanatning millatidan emasdilar). Gitler nemis bo‘lsa-da, Gabsburglar imperiyasi xududida tug‘ilgan edi. Garchand Bismark 1860-yillarda Olmonlar imperiyasini tiklagan bo‘lsa-da, avstriyalik nemislar bu hududga kirmay qoldi, tub joy millatlari tenglik talab qila boshladilar va bu yerlik nemislar go‘yo asrlar bo‘yi o‘zlariniki hisoblab kelgan yerlarda «kelgindi» bo‘lib qola boshladilar.

Gitlerning ruhiyati shu asoslarda shakllangan edi. Bir tomondan, bu chetdagi nemislar bir zamonlardagi hokimliklarini qo‘msardilar, ikkinchi tomondan, «past tabaqa» millatlari: slavyanlar, yahudiylar, ruslar, polyaklarning ta’siri oshayotganidan xavotirga tushardilar. Shuning uchun Gitler hokimiyatga kelgach, o‘sha hududlarni birinchi galda imperiyasiga qo‘shib oldi.

Stalin hokimiyatga kelgach, o‘zini ruslardan-da ortiqroq rus hisoblay boshladi, gapirganda ham «biz, rus kommunistlari…» deb gap boshlardi. U o‘zining kavkazcha so‘zlashuv ohangidan, aksentidan qutila olmas, bu uning gruzin ekanini ruslarga eslatib turishidan qimtinardi. Stalinni Leninning o‘zi «velikorus shovinisti» deb atagan edi. Uning rus imperiyasiga sadoqatini ko‘rsatish ilinjida boshqa xalqlarni ezgani dahshatlidir. U Ivan Grozniy kabi qonxo‘r shohlarning Rossiya oldidagi xizmatlarini maqtar, o‘zi ham shunga o‘xshash ish qilishni xohlardi. Stalinning Rossiyaning imperiyachi o‘tmishiga havasi Ikkinchi jahon urushida ham o‘z kuchini ko‘rsatdi: u Rossiya imperiyasining 1904-1905 va 1914-1918 yillardagi urushlarda yo‘qotgan hududlarini yana imperiyaga – SSSR atalsa-da, Rossiya imperiyasiligicha qolgan saltanatga qaytardi.

Stalin 1879 yil 21 dekabrda Gurjistonning Gori shaharchasida etikdo‘z oilasida tug‘ilgandi. Otasi qo‘pol, berahm odam bo‘lib, ko‘p ichar, xotini va bolasini do‘pposlab turardi. Stalinning ruhoniylik gimnaziyasida birga o‘qigan do‘sti Iremashvilining eslashicha: «Aynan otasining shafqatsiz va noo‘rin kaltaklari bolani ham otasidan-da o‘tib tushadigan darajada ayovsiz va toshbag‘ir qilib qo‘ygan edi. Otasi kuchli edi va kuchini uning ustidan hokimligida namoyon qilardi, bolada ham balandga intilish va o‘zidan balanddagilardan o‘ch olish hissi shakllandi. Qasos uning bosh maqsadiga aylandi».

Gitler 1889 yilning 20 aprelida Inn daryosi bo‘yidagi Branau shaharchasida tavallud topgan. Adolf Gitlerning onasi o‘z eridan yigirma ikki yosh kichik edi, avval ikki bor o‘ylangan er uning qondosh qarindoshi ham edi. Ayol bu yaqin qarindoshi bilan xushtorlik qilib yurib, ikkiqat bo‘lib qoladi. Bu orada sirli tarzda Aloizning ikkinchi xotini o‘ladi va u Gitlerga ikkiqat bo‘lgan qarindoshiga uylanadi. Gitler bekorchilikni sevadigan betayin bola bo‘lib o‘sadi.

Gitler ham, Stalin ham ota mehridan yiroq o‘sgan bo‘lsalar-da, ikkisining ham onalari juda mehribon edi, ya’ni ular ota mehrini o‘z erkalashlari bilan qoplamoqchi bo‘lganlar. Ruhshunoslar bunday sharoitda o‘sgan bolalar xotinmijoz bo‘lishini, narsissizm kasaliga – o‘ziga mahliyolik dardiga chalinishini aytganlar. Erix Frommning fikricha, bir qadar narsissizm siyosiy arboblarning «kasb kasalligi» bo‘lib, uning ildiz otishi «bemor»ning hokimiyatda ildiz otishiga bog‘liqdir.

Gitler ham, Stalin ham hokimiyat tepasiga yaqqol o‘rnashib olgach, o‘zlarini tanqid qilish yo‘llarini berkitdilar, bu o‘ziga mahliyo hukmbardorlar tanqid ularning xalq oldidagi obro‘larini to‘kadi, deb hisobladilar.

Gitler va Stalinning xulqi - hissiyoti ham, axloqi ham bir-biriga teskari tuyuladi: Gitler – to‘lib-toshib ketadigan, chegara bilmas odam edi, shuning uchun uni boshida hech kim jiddiy qabul qilmagandi; Stalin esa o‘ta kamgap, ichimdagini top degan xilidan edi, aynan ana shu kamgapligi ortidan, yashirin o‘yinlar oqibatida hokimiyatga kelgandi. Uning ana shu yashirinligi boshida uning dahshatli mohiyatini bilishga imkon bermagandi.

Stalin bolaligida diniy gimnaziyada o‘qigan, ammo keyinchalik marksist bo‘lib, dahriylashgan va minglab dindorlarni qamoqqa tashlab, ottirib yuborgandi. Bu ham o‘z asosiga ega – marksizm va diniy mutaassiblikning o‘xshash asos tomonlari bor: ikkisida ham dogmatizm hukmron, shubhaga o‘rin yo‘q, tanqidga toqat qilinmaydi va boshqacha fikrlash jazolanadi. Shuning uchun taqvodordan-da dahshatliroq kimsa dahriy kimsadir.

Hissiyoti ikki xil bu ikki zolimning xulqi asosida bitta narsa – xudbinlik yotadi.

Shu o‘rinda Gitler va Stalinga nisbat beriladigan ayrim xususiyatlarni oydinlashtirib olish lozim.

Gitlerning va Stalinning yoshlar orasida izdoshlari uchrab turadi. Yangi-yangi neonatsist guruhlar, ku-klus-klanlar, fashistona xoch taqqan o‘smirlar yuz ko‘rsatib qoladi. Stalinchi komsomollar qatorida uning suratlarini asrab yurgan sodda faxriylar ham oramizda bor. Xo‘sh, ular nahotki shuncha qurbonlardan so‘ng ham bu ikki fashistik tuzumlar mohiyatini anglab yetmagan bo‘lsalar?! Hali ham bir qator odamlarni tortayotgan jozibaning sababi nima?

Gitlerning «natsionalizmi» - «millatchi»ligi masalasini olib ko‘raylik. Jaydari falsafa goho shunday xulosaga keladi: «Gitler boshqa xalqlarni qirgani ma’lum, albatta. Ammo u buni o‘z xalqi uchun qilgan, u millatining fidoyisi edi, uning irqiy tozaligi uchun kurashgan…». «Uning «ekstremal vatanparvarligi» mavjud edi va uning boshqa «begona» millatlarga nafrati o‘z millatiga nisbatan «fantastik muhabbati» natijasidir». Va hokozo…

Birinchidan, o‘z millatini sevish uchun boshqani yerga urish aslo muhabbat emasdir. Cho‘qqini zabt etish uchun o‘zing turgan adir atrofidagi barcha tog‘larni yiqitib, tekislash shart emasdir. Har bir xalq o‘z betakrorligi bilan buyukdir. Insoniyatning kelajagi millatlarning aralashib, yemirilishi bilan emas, aksincha, turli-tumanligi, o‘ziga xosligi bilandir. Qanchalar millatlar turli-tuman bo‘lsa va xos madaniyatga ega bo‘lsa, insoniyat shunchalar boydir. Millatlarga qarshi kurashning dahshati va imkonsizligi kommunistlarning internatsionalizm niqobi ostidagi milliy o‘zlikni yo‘qotib, «sovet xalqi» atalgan duragay yaratish faoliyatining inqirozida ham ko‘ringan edi.

Ikkinchidan, Gitlerning natsionalizmi o‘z xalqiga nisbatan ham «g‘alati» munosabatga egadir. Gitler o‘zini Bashariy idrok tomonidan zaminga asriy Olmon imperiyasini nemis xalqining qoni hisobiga tiklash uchun tarixiy missiya bilan yuborilgan deb bilardi – uning fikricha, agar bu ish nemislarning qo‘lidan kelmasa, ular yashashga haqli emas, ular yer yuzidan yo‘qolishi tabiiydir. Iblis o‘zining yovuz g‘oyasi uchun mehrobga nafaqat boshqa xalqlarni, o‘z xalqini ham qurbonlikka keltirishga tayyor edi.

(davomi bor)
Karim Bahriyev

Manba: Azon.uz
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Gitler va Stalin: ikki diktatorni qiyoslash