17:32 / 04.10.2022
3 033

«Qarollar edi, qulga aylanishdi». Pugachyova o‘zini tanqid qilganlarga javob qaytardi

«Qarollar edi, qulga aylanishdi». Pugachyova o‘zini tanqid qilganlarga javob qaytardi
Foto: Global Look Press
Rossiyalik qo‘shiqchi Alla Pugachyova «undan nafratlangan» odamlarga «qarollar edi, qulga aylandi» degan so‘zlar bilan murojaat qildi. Tegishli post Pugachyovaning ijtimoiy tarmoqdagi sahifalarida 4 oktabr, seshanba kuni e’lon qilingan.

«Xudoyim! Menga umuman yoqmagan odamlar meni yomon ko‘rishlari qanday baxt. Agar ular meni yoqtirganida, bu qo‘shiq aytib, behuda yashaganimni bildirar edi. Sababi aniq. Tishlarini qayrashda davom etishsin. Qarollar edi, qulga aylanishdi», - deb yozgan Pugachyova. U so‘zlari aynan kimga qaratilganiga aniqlik kiritmadi.

Avvalroq Pugachyova o‘zini tanqid qilgan rejissyor Nikita Mixalkovga o‘zining «Muhabbat quli» filmi bosh qahramonining so‘zlari bilan javob qaytargan edi: «Janoblar, siz o‘z davlatingiz la’natiga uchraysiz, askar».

Sentyabr oyi oxirida Kremlga yaqin hisoblanuvchi «Izvestiya» va «Pyatiy kanal» nashrlari avgust oyida Rossiyaga qaytgan Pugachyova yana mamlakatni tark etgani haqida xabar bergan edi. Xonandaning o‘zi, uning vakili va eri Maksim Galkin bu ma’lumotga izoh bermadi.

Mash Telegram-kanali Pugachyovaning Rossiyaga Moskva oblastidagi uyini sotuvga qo‘yish uchun kelganini iddao qildi. Shundan so‘ng, Telegram’dagi tashviqot kanallari Moskvadagi «Ostankino» telemarkazida olingan videoni tarqatishdi, u yerda devorga «Alla, nega umuman kelding?» degan so‘zlar yozib qo‘yilgan.

Sentyabr oyida Pugachyova Rossiya Adliya vazirligidan bir kun avval «xorijiy agentlar» reyestriga kiritilgan Maksim Galkin ortidan o‘zini ham «xorijiy agent» deb e’lon qilishni so‘ragandi. U o‘z murojaatida Galkinni «Rossiyaning haqiqiy vatanparvari» deb atab, u o‘z mamlakatiga «tinch hayot, so‘z erkinligi»ni tilashini va «yigitlarning xayoliy maqsadlar uchun o‘lib ketishini» xohlamasligini bildirgan. Maksim Galkin bir necha bor urushga qarshi chiqdi, bosqin va Rossiya rahbariyatining harakatlarini qoraladi.

Rossiya prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov sentyabr oyi boshida Galkin «juda yomon bayonotlar» bilan chiqqani va «u bilan yo‘llar har xil ekani» to‘g‘risida ma’lum qilgandi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo