
11 oktyabr kuni ertalab Ukrainaning Vinnitsa viloyatidagi Ladijin issiqlik elektr stansiyasiga ikkita Shahed-136 kamikadze-dronlari hujum qildi, bu haqda viloyat maʼmuriyati rahbari Sergey Borzov maʼlum qildi.
“Janub” havo qo‘mondonligi xabariga ko‘ra, 11 oktyabrga o‘tar kechasi Nikolayev viloyatida beshta, Odessa viloyatida esa uchta Shahed-136 dronlari havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi tomonidan yo‘q qilingan.
11 oktyabr kuni ertalab Ukrainaning aksariyat viloyatlarida yana havo trevogasi eʼlon qilindi. Keyinroq esa butun Ukraina hududi bo‘ylab havo trevogasi haqida xabar berildi.
Ukraina shaharlariga hujum
10 oktyabr kuni ertalab Rossiya Ukraina shaharlariga yoppasiga raketa hujumi uyushtirdi. Rossiya Mudofaa vazirligi mudofaa, energetika va aloqa obyektlariga hujum qilinganini aytdi, biroq fuqarolik obyektlari ham o‘qlar yomg‘iri ostida qolgan. Reuters qayd etishicha, bu urush boshlanganidan buyon Rossiyaning eng yirik havo hujumi bo‘lgan.
Rossiya prezidenti Vladimir Putin 10 oktyabr kuni ertalab Ukraina shaharlarining o‘qqa tutilishi Kerch bo‘g‘ozidagi Qrim ko‘prigida sodir bo‘lgan portlashga javob bo‘lganini aytdi. Biroq Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixail Podolyak raketa zarbalari Qrim ko‘prigidagi portlashga aloqasi yo‘qligini taʼkidladi. «Rossiya armiyasining Ukraina shaharlariga yo‘naltirilgan bugungi raketa zarbalari bir necha hafta oldin rejalashtirilgan va Qrim ko‘prigidagi portlash bilan bog‘liq emas», — dedi Podolyak.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiya qo‘shinlari bir kunda Ukraina shaharlariga qarata 84 ta raketa uchirganini maʼlum qildi, shularning 43 tasi havo hujumiga qarshi mudofaa tizimi tomonidan urib tushirilgan. Bundan tashqari, shu kuni Ukrainaga 24 ta uchuvchisiz uchar qurilma hujum qilgan, 13 tasi urib tushirilgan.
Ukraina favqulodda vaziyatlar davlat xizmati bergan so‘nggi maʼlumotlarga ko‘ra, 11 oktyabr kuni ertalab holatiga Rossiya hujumidan keyin Kiyev, Lvov, Sumi, Ternopol va Xmelniskiy viloyatlarida 300 ta aholi punkti elektr taʼminotisiz qilmoqda. 3500 dan ortiq shahar va qishloqlarda elektr taʼminoti allaqachon tiklangan. 19 kishi halok bo‘lib, yana 105 kishi jarohatlar olgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar