
Rossiya Ukrainada urush boshlaganiga to‘qqiz oydan o‘tdi. Bu vaqt oralig‘ida bitta savolga hanuz qoniqarli javob topilgani yo‘q: Rossiyaning Ukrainadagi urush strategiyasi nima, o‘zi ruslarning aniq strategiyasi bormi? Garchi Ukraina davlatida rus millatiga nisbatan shovinizmni yo‘q qilish iddaosi ila boshlangan urush imperiya uchun tom ma’noda qimmatga tushdi.
Avvalo ukrainlar Kiyevga qadar chekindi. Bosqinchilarning kayfi chog‘ edi. Biroq keyinchalik bu mag‘lubiyat emas, taktik qo‘llanma ekani ma’lum bo‘lib qoldi. Harbiy tahlilchilarning aytishiga qaraganda, urush asnosida bir joyda turib qolgan askarlarda ruhiy tushkunlik paydo bo‘lar ekan.
Darhaqiqat, shunaqa bo‘ldi. Ruslar deyarli olti oy “okopdan bosh ko‘tara olmay” qoldi. Kamiga mahalliy aholi ularni (o‘zlari o‘ylaganidek) quchoq ochib kutib olmadi, aksincha o‘z nafratini yashirmay sochdi. Armiya katta yo‘qotishlarga uchrar (ayrim manbalarda oltmish mingdan ziyod harbiy halok bo‘lgani aytiladi), nafaqat ruhiy-ma’naviy, balki moddiy-texnik yetishmovchilik ham borligi oshkor bo‘lib qolmoqda edi.
Rossiya ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda Ukrainadagi urush haqida “urush” so‘zini qo‘llash rasman taqiqlandi, “harbiy amaliyot” degan termin o‘ylab topildi. Lekin oyni etak bilan yopib bo‘lmaydi-ku? Kamiga kuni kecha Rossiya prezidenti urushda farzandi halok bo‘lgan onalar bilan uchrashuvi yolg‘on ekani, oldindan uyushtirilgan spektakl ekani oshkor bo‘lib, ruslar butun dunyoda uyatga qoldi. Bu holat mamlakat ichkarisida ham aks ta’sir ko‘rsatgani ayon.
Ruslar boshida Kiyevni qamal qilish va zudlik bilan Moskvaga xayrixoh ma’muriyatni tayinlashni rejalashtirgan edi. Biroq bu rejani amalga oshirish borasidagi jiddiy kamchiliklar va xatolar pand bera boshladi. Rus armiyasi taktik batalyon guruhi sifatida jang qilmadi; piyoda askarsiz tanklar, razvedka guruhlari va himoyasiz quruqlikdagi havo-desant qo‘shinlari bilan u ancha tartibsiz va tartibsiz ko‘rinish berdi.
Bundan tashqari, logistika liniyasi xavfsizligini ta’minlay olmaslik, ta’minotning uzilishi, qo‘mondonlik darajasida axborot va aloqaning yetishmasligi, psixologik tayyorgarlikning yo‘qligi, havo ustunligini ta’minlay olmaslik kabi turli omillar yuzaga keldi. Hatto Kreml “kechuvda ot almashtirishga ham majbur bo‘ldi.
Oxir-oqibat, Kiyev viloyatidagi va umuman butun shimoliy frontdagi operatsiyalar ruslar uchun jiddiy muvaffaqiyatsizlik va katta yo‘qotishlar bilan yakunlandi. Keyin urushning og‘irlik markazi o‘zgartirildi va sharqqa ko‘chirildi. Garchi u buni tan olmagan bo‘lsa-da, Rossiya o‘z qo‘shinini olib chiqib, kattaroq mag‘lubiyatga uchramaslik va aniqroq nishonlarga e’tibor qaratish uchun uni Xarkov va Izyum atrofida qayta joylashtirdi.
Eng yomoni ruslar egallab olgan hududlarida referendum tashkil qilib, o‘sha viloyatlarni Rossiyaga qo‘shib olganini e’lon qilishiga qaramay, ozgina vaqtdan so‘ng o‘sha yerni (Xerson) tashlab, ortga chekinishga majbur bo‘lib qolgani bo‘ldi. Bu harbiylardan tortib, siyosatchilargacha ruhiy zarba bergani muqarrar. Bu armiyaning charchaganini tan olishdan boshqa narsa emas. Kamiga ruslar tashlab chiqishga majbur bo‘layotgan joylardagi infra tuzilma obyektlarini vayron qilib ketayotgani butun dunyo aholisining nafratiga sabab bo‘lmoqda. Bundan tashqari oddiy odamlar yashaydigan hududlarga otilayotgan raketa zarbalari ham yumshoq qilib aytganda “beldan pastga urish” hisoblanadi.
Vaqtinchalik safarbarlik e’lon qilinishi ortidan yuz minglab rossiyaliklarning chet ellarga ommaviy ketib yuborishi ham Kreml rahbarlari yuziga tutilgan oyna bo‘ldi, ular shu bahona o‘z xalqining urushga bo‘lgan munosabatini yana ham yoqqolroq bilib oldi. Targ‘ibot qanchalik kuchli bo‘lmasin, “kattalar” haqiqatni yashirishni uddalay olishmadi. Safarbar etilganlarning harbiy tayyorgarlikdan o‘tishi aytilgandi, biroq bunga ham vaqt yetishmaydi shekilli, ketganlar ortidan “qora xat”lar kela boshladi (albatta ijtimoiy tarmoqlar orqali). Oxirgi paytlarda mehnat migratlariga ham urushga borish zavfi tahdid sola boshladi.
23 noyabr kuni Strasburgda Yevropa Ittifoqi parlamenti Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga qarshi harbiy tajovuzi tufayli Rossiyani terrorizmning homiysi sifatida tan olish to‘g‘risidagi rezolyutsiyani qabul qildi. Qarorni 494 nafar deputat qo‘llab-quvvatladi, 58 nafari qarshi, 44 nafari betaraf qoldi.
"Rossiya Federatsiyasi tomonidan Ukrainaning tinch aholisiga nisbatan qasddan qilingan hujumlar va vahshiyliklar, fuqarolik infratuzilmasini vayron qilish va inson huquqlari va xalqaro gumanitar huquqning boshqa jiddiy buzilishi Ukraina aholisiga qarshi terrorchilik harakatlariga tenglashtiriladi va urush jinoyatlarini tashkil etadi", deyiladi Yevroparlament rezolyutsiyasida.
Yevroparlament deputatlari Rossiyani terrorizm homiysi va terrorizm vositalaridan foydalanadigan davlat sifatida tan olish orqali Vladimir Putin va Rossiya hukumatini xalqaro tribunal oldida javobgarlikka tortishmoqchi.
Bu ham yetmaganidek, Rossiya iqtisodiyotning asosiy tayanchi bo‘lgan neft va gazga qo‘yilgan sanksiyalar o‘z natijasini ko‘rsata boshladi. Yevropaga sota olmagan “qora oltin”ini xitoylarga arzon narxlarda berishga majbur bo‘layotgan ruslarni yana bir ko‘ngilsizlik kutib turibdi.
Xitoyda kengayib borayotgan norozilik ishtirokchilari hatto siyosiy talablarni o‘rtaga qo‘ymoqda. Materik Xitoyida siyosiy va mafkuraviy chaqiriqlar 1989 yildan beri, Tyananmen maydonidagi voqealardan keyin kuzatilmagan edi.
Neft narxining qulashi Katta Yettilikning bosqinchi Rossiya nefti uchun kiritishni mo‘ljallayotgan 65-70 dollarlik "potolok" narxlarini ham qaytadan ko‘rib chiqishga undashi mumkin. Chunki bugunning o‘zida Rossiya nefti brent tipidagi neftga nisbatan 40 foizgacha diskont bilan, ya’ni 52 dollar atrofida sotilmoqda”, deb yozmoqda iqtisodchi bloger bakiroo.
Yaqinda rus armiyasining Xarkov viloyatidan, ayniqsa strategik jihatdan joylashgan Izyum va Liman shaharlaridan chekinishi Rossiya Qurolli Kuchlari uchun "sharmandali va mag‘lubiyat" sifatida baholandi hamda strategiyaning yetishmasligini muhokama qilish uchun bu ham muhim asos bo‘ldi. Kulgilisi va achinarlisi shundaki, ruslar juda tartibsiz chekindi, harbiy xizmatchilar, qurol-yarog‘ va jihozlarni dushmanga qoldirgan holda hududni tark etishdi.
Bundan tashqari, Rossiya Qurolli Kuchlari qo‘lidagi so‘nggi yirik shahar Xersonni tashlab chiqishi Kremlning strategik bo‘lmagan urush olib borayotganiga yana bir dalil bo‘ldi. Darhaqiqat, Xarkovdan ketish bilan Xersondan ketish sabablari bir-biridan farq qilmaydi: noto‘g‘ri strategiya yoki strategiyaning to‘liq yo‘qligi. Bu safar chekinish mag‘lubiyatsiz, uyushqoqlik bilan, rejali va tartibli o‘tkazildi. Rossiya armiyasi Dnepr orqasiga chekinishni, daryoni tabiiy chegaraga aylantirishni va nisbatan oson mudofaa qilinadigan yerlarga joylashtirilishni rejalashtirgan, detsish mumkin. Rossiya chekinishga majbur bo‘lyapti va bundan uyalmayapti.
Urushni boshqarishdagi kamchiliklar, Kiyev, Xarkov va Xerson misollari Rossiyaning harbiy salohiyati va jangovar kuchini so‘roq ostiga qo‘ydi. Oxirgi uch oydagi ikkinchi chekinish Moskva harbiy obyektlardan foydalanish san’atini bilmaydi, urushni boshqarishda jiddiy kamchiliklar va xatolarga yo‘l qo‘ygan degan fikrni qo‘llab-quvvatladi. Aslida, Rossiya strategiyasiz kurashayotgan yoki noto‘g‘ri strategiyaga amal qilib, oxir-oqibat chekinishga majbur bo‘layotgandek.
Qolaversa, yaqinda Rossiya Qurolli kuchlarining Qrim atrofida mudofaa chizig‘i mustahkamlangani kutilmagan voqea bo‘ldi. Maqsad loaqad strategik orolchani bo‘lsa ham saqlab qolishmi? Xullas, ruslar Ukraina hududlarida kalavani uchini yo‘qotib qo‘ygandek tasavvur uyg‘onmoqda...
Kim biladi, deysiz.
Abdulaziz Muborak
Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar