Dunyodagi eng kuchli universitetlar ro‘yxati e’lon qilindi

Jahon universitetlari reytingi markazi (CWUR) 2025–2026 yillar uchun dunyoning eng yaxshi 1000 ta oliy ta’lim muassasasi ro‘yxatini taqdim etdi.
Yangi reytingda birinchi o‘rinni yana AQSHning Garvard universiteti egalladi. Kuchli o‘ntalikdan asosan Amerika va Buyuk Britaniya universitetlari joy olgan. Jumladan, Stenford universiteti, Massachusets texnologiya instituti, Kembrij va Oksford universitetlari, shuningdek, Yel, Pensilvaniya va Kolumbiya universitetlari ham yuqori o‘rinlarni egalladi. O‘ntalikni Kaliforniya texnologiya instituti yakunlab berdi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, yetakchi universitetlar bilan qolganlari o‘rtasidagi farq tobora ortib bormoqda. Bunda asosiy omil — ilmiy tadqiqotlar va innovatsion faoliyat hisoblanadi.
Yangi ro‘yxatga 60 dan ortiq davlat universitetlari kiritilgan. Ularning katta qismi AQSH, Xitoy va Buyuk Britaniya hissasiga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, Janubiy Koreya, Italiya, Ispaniya, Kanada va Avstraliya kabi davlatlar ham munosib o‘rin egallagan.
Afsuski, mazkur reytingdan O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalari o‘rin olmagan.
Qayd etilishicha, reytingni shakllantirishda ta’lim sifati, bitiruvchilarning ishga joylashish darajasi, ilmiy ishlar soni va ularning ta’siri kabi mezonlar asos qilib olingan.





























Izohlar 0
…