
“Turkiya Rossiya va AQSH oldiga shart qo‘ydi – Suriya demokratik kuchlari qo‘shinlari Suriya shimolida joylashgan Manbij, Tel-Rifat va Ayn al-Arab shaharlaridan olib chiqilishi kerak. Shunda Anqara Suriya yeridagi harbiy amaliyotdan voz kechadi“, deb yozadi Al-Jazira.
Unga ko‘ra, Turkiya kurd qo‘shinlarining bu shaharlarni tark etishi uchun muddat belgilagan.
Qo‘shma Shtatlar muqobil yo‘lni taklif qildi: Suriya demokratik kuchlari ittifoqini qayta qurish va Manbij, Tel-Rifat va Ayn al-Arabni boshqarishda arab aholisiga ko‘proq rol berish.
Rossiya esa Turkiyaga javob shartlarni ilgari surdi: Turkiyaning Ukraina bilan bog‘liq muayyan qadamlari evaziga, Moskva Suriyada Turkiyaga siyosiy yon berishga tayyor. Biroq u Anqaraning qanday qadamlari haqida gapirayotganiga aniqlik kiritmadi.
Bu shartlar bajarilsa, Rossiya Turkiya tomonidan qo‘shinlarning kirib kelishini osonlashtirish uchun Halab va Ayn al-Arabning ayrim hududlaridan nazoratni olishga rozilik berdi, deya qo‘shimcha qildi “Al-Jazira” manbasi.
Anqara rasmiylari 13 noyabr kuni Istanbuldagi piyodalar uchun mo‘ljallangan Istiqlol ko‘chasida sodir etilgan teraktda Kurdiston ishchilar partiyasini aybladi. Lekin partiya bu ayblovlarni rad etdi. 20 noyabr kuni Turkiya Suriya shimoli va shimoli-sharqida Kurdiston ishchilar partiyasi kurd bo‘linmalariga qarshi “Qilich tirnoq” operatsiyasini boshladi.
Turkiya Halab, Al-Hasaki va Raqqa viloyatlari qishloqlaridagi kurd bo‘linmalarining pozitsiyalariga havo va artilleriyadan zarbalar berdi. Prezident Rajab Toyyib Erdog‘an yaqin orada turk qo‘shinlarining quruqlikdagi operatsiyasi boshlanishidan ogohlantirdi.
Erdog‘an, shuningdek, Rossiyani mintaqadagi majburiyatlarini bajarmaganlikda aybladi. Uning eslatishicha, 2019 yildagi Sochi kelishuviga ko‘ra, Rossiya Iroq va Suriya shimolini terrorchilardan tozalash uchun javobgardir. “Ular hududni terrorchilardan tozalashga majbur edilar. Afsuski, bu haqda ko‘p marta eslatganimizga qaramay, ular bu ishni qilishmadi”, — dedi Turkiya rahbari Daily Sabah gazetasiga bergan intervyusida.
Gap Vladimir Putin va Erdog‘an o‘rtasidagi uchrashuvda erishilgan kelishuv haqida ketmoqda. Unga ko‘ra, mintaqada o‘t ochishni to‘xtatish rejimi o‘rnatilishi, Rossiya va Turkiya birgalikda harbiy patrul o‘tkazishi kerak edi. Bundan tashqari, Erdog‘anga ko‘ra, kurd qo‘shinlarini Turkiya chegarasidan uzoqlashtirish sharti qo‘yilgan. Ularni olib chiqishda Rossiya harbiy politsiyasi va Suriya chegara xizmati yordam berishi kerak edi. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar