Magnus Karlsen shaxmat taxtasiga o‘tirmadi: Asaubayevaga texnik g‘alaba yozildi

Shaxmat olamida noodatiy voqea yuz berdi. Norvegiyalik grossmeyster Magnus Karlsen qozog‘istonlik Bibisora Asaubayevaga qarshi klassik partiyani o‘ynashdan bosh tortdi. Natijada raqibiga texnik g‘alaba yozildi. Biroq bu natija kunlik bahsdagi umumiy g‘olibni o‘zgartirmadi.
Voqea 17 noyabr kuni Vengriyaning Budapesht shahrida o‘tkazilayotgan Total Chess World Championship Tour Pilot turnirida sodir bo‘ldi.
Dastlabki blis va rapid bahslarida Karlsen raqibasidan ancha ustun keldi. U to‘rtta blis partiyasining uchtasida g‘alaba qozonib, bittasida durang o‘ynadi. Shuningdek, ikkita rapid partiyasining ikkalasida ham raqibasini mag‘lub etdi. Natijada hisob 11,5:0,5 ko‘rinishiga keldi.
Shundan so‘ng navbat 8 ochko uchun bahs kechadigan klassik partiyaga yetdi. Biroq Karlsen shaxmat taxtasi qarshisiga o‘tirishdan bosh tortdi. U musobaqa hakamlari bilan gaplashganidan keyin o‘yin zalini tark etdi.
Asaubayeva esa raqibini kutib, belgilangan 15 daqiqa davomida taxtada o‘tirdi. Belgilangan vaqt tugagach, hakamlar unga texnik g‘alabani yozdi. Shu tariqa, klassik partiyada birorta yurish amalga oshirilmasdan qozog‘istonlik shaxmatchi 8 ochkoga ega bo‘ldi.
Karlsen keyinchalik qarorini izohlab, kunlik bahsdagi g‘olib oldindan aniqlangani sababli klassik partiyani o‘tkazishni ma’nosiz deb hisoblaganini aytdi. Uning fikricha, natijaga ta’sir qilmaydigan va reytingga hisoblanmaydigan o‘yinni o‘tkazishdan foyda yo‘q edi.
Shunga qaramay, kun yakunida umumiy hisob 11,5:8,5 ko‘rinishini oldi va Magnus Karlsen g‘olib bo‘ldi. Asaubayeva esa o‘tkazilmagan klassik partiya uchun texnik g‘alabaga erishdi.

Obuna bilan reklama bo'lmaydi
Zamin Premium — oyiga 4 900 so'm
Mavzuga oid yangiliklar
































Izohlar0
…