Tramp samolyoti uchun Turkiyada aeroport 120 million dollarga yangilandi

Tramp samolyoti uchun Turkiyada aeroport 120 million dollarga yangilandi

Turkiya NATO sammiti oldidan Anqaradagi sobiq Etimesgut harbiy aeroportini to‘liq rekonstruksiya qilish uchun 120 million dollardan ortiq mablag‘ sarfladi. Sakkiz oy davom etgan keng ko‘lamli qurilish va modernizatsiya ishlari Qatar tomonidan AQSHga sovg‘a qilingan Boeing 747-8 samolyotini qabul qilish imkoniyatini yaratish maqsadida amalga oshirildi. Bu haqda Luxurylaunches nashri xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, qiymati taxminan 400 million dollarga baholanadigan ushbu Boeing 747-8 kompaniya tomonidan ishlab chiqarilgan eng yirik yo‘lovchi samolyotlaridan biri hisoblanadi. Uning uzunligi 76 metrdan ortiq bo‘lib, maksimal uchish og‘irligi 442 tonnagacha yetadi. Ana shunday ulkan havo kemasini qabul qilish uchun mavjud infratuzilmani sezilarli darajada takomillashtirishga to‘g‘ri kelgan.

Shu munosabat bilan Anqaradagi Etimesgut harbiy aeroporti NATO sammiti arafasida diplomatik xab sifatida qayta ishga tushirildi va unda qator muhim o‘zgarishlar amalga oshirildi.

Xususan, uchish-qo‘nish yo‘lagi uzunligi 2450 metrdan 3000 metrgacha oshirildi, kengligi esa 42 metrdan 60 metrgacha kengaytirildi. Bu o‘zgarishlar tufayli aeroport Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkiloti (ICAO)ning Boeing 747-8 hamda Airbus A380 kabi ulkan samolyotlar uchun talab qilinadigan eng yuqori — “F” toifasiga moslashtirildi.

Mutaxassislarning ta’kidlashicha, Anqaraning dengiz sathidan baland joylashgani va yoz faslidagi yuqori harorat samolyotlarning uchish xususiyatlariga ta’sir qiladi. Shu bois havo kemasining og‘irligi va o‘lchamlari hisobga olinib, aeroportni rekonstruksiya qilish zarur deb topilgan.

Loyiha doirasida yangi rulyoj yo‘laklari barpo etildi, navigatsiya hamda yoritish tizimlari to‘liq yangilandi. Shuningdek, protokol binolari kengaytirildi va bir vaqtning o‘zida 44 ta samolyotni qabul qila oladigan 160 ming kvadrat metrli perron qurildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, mazkur Boeing 747-8 avval Qatar amirining shaxsiy samolyoti sifatida xizmat qilgan. Keyinchalik u AQSHga sovg‘a qilingan va hozirda eskirgan VC-25A o‘rniga AQSH prezidentining yangi Air Force One samolyoti sifatida qayta jihozlanishi rejalashtirilmoqda. NATO sammiti vaqtida aynan ushbu layner tadbirga kelgan eng yirik havo kemasi bo‘lgan.

Avvalroq Donald Trampga Turkiya safari chog‘ida ehtimoliy suiqasd tayyorlanayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Ma’lumotlarga ko‘ra, razvedka ogohlantiruvidan keyin uning Anqaradan uchib ketadigan samolyoti almashtirilgan. Biroq qaytish yo‘lida Tramp o‘zining avvalgi samolyotidan foydalanib, bu qarorini «nostalgiya» bilan izohlagan. Keyin u Buyuk Britaniyadagi Mildenxoll aviabazasiga qo‘nib, u yerdan Qatar tomonidan taqdim etilgan Boeing 747-8 samolyotiga o‘tirib AQSHga parvoz qilgan.

Zamin.uz saytini Google'ga qo'shing"Zamin"ni Telegram'da o'qing!
Zamin AI bilan muhokama qilingYangilikni tahlil qiling, foydali maslahatlar oling

Izohlar 0

Mavzuga oid yangiliklar