901
Germaniya kansleri Ukrainaga qiruvchi samolyotlar yuborishga qarshi chiqib, sababini tushuntirdi

Foto: Getty Images
Germaniya kansleri Olaf Shols Ukrainaga jangovar samolyotlar yetkazib berishga munosabati o‘zgarmaganini ta’kidlab, buning sababini tushuntirdi. Bu haqda Tagesspiegel xabar berdi.
Sholsning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainaga G‘arb qiruvchi samolyotlarini yetkazib berish masalasi hali ham ko‘tarilmagan.
“Agar Germaniyada Ukrainaga Leopard 2 tanklarini yetkazib berish qarori qabul qilingandan so‘ng darhol yana bir munozara boshlansa, bu jiddiy ko‘rinmaydi va fuqarolarning hukumat qaroriga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazadi”, — deb ta’kidladi kansler.
Siyosatchi Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi Rossiya va NATO o‘rtasidagi urushga aylanib ketmasligi uchun qo‘lidan kelgan hamma narsani qilishini aytdi. U Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan telefon orqali muloqotni davom ettirish niyatidaligini bildirdi.
“Men 11 oy ichida Putin bilan Fransiya prezidenti Emmanuel Makron kabi qayta-qayta gaplashdim. Oxirgi muloqot dekabr oyi boshida bo‘lgan. Putin bilan yana suhbatlashaman, chunki bu muhim”, — dedi Shols.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy G‘arb hamkorlarini Ukrainaga F-16 samolyotlarini imkon qadar tezroq yetkazib berishga chaqirdi. Niderlandiya F-16 qiruvchi samolyotlarini Ukrainaga topshirish masalasini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi. Biroq buning uchun Kiyev ularga so‘rov yuborishi kerakligi ma’lum qilindi.
Bayden ma’muriyati ittifoqchilar bilan Ukrainaga qiruvchi samolyotlar yetkazib berish masalasini muhokama qilishini ta’kidladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar