00:21 / 16.02.2023
1 122

«Al-Qoida»ning yangi rahbari boshi uchun 10 million dollar mukofot va’da qilindi

«Al-Qoida»ning yangi rahbari boshi uchun 10 million dollar mukofot va’da qilindi
Misr maxsus kuchlarining sobiq zobiti va «Al-Qoida»ning yuqori martabali a’zosi Sayful Odil endi ushbu jangarilar guruhining yangi rahbari hisoblanadi, deyiladi BMT hisobotida. AQSH hukumati uning boshi uchun 10 million dollar mukofot va’da qilmoqda. Bu haqda Reuters yozdi.

2011 yilda «Al-Qoida» terrorchilik guruhi asoschisi Usoma bin Lodin o‘ldirilganidan keyin tashkilotga Aymon Az-Zavohiriy rahbar bo‘lgan edi. 2022 yilda AQSH tomonidan Kobulga raketa zarbasi berilishi oqibatida uning yo‘q qilingani taxmin etilmoqda. Biroq, «Al-Qoida» uning o‘rnini kim egallaganini e’lon qilmadi.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining xatarlarni baholash hisobotida qayd etilishicha: «2022 yil noyabr va dekabr oylarida bo‘lib o‘tgan muhokamalar chog‘ida ko‘plab a’zo davlatlar Sayful Odil allaqachon tashkilot rahbariga aylangan, degan xulosaga kelgan».

Sayful Odil tashkilot uchun yangi odam emas. Uning terrorchilik harakatlaridagi ishtiroki uzoq o‘tmishga borib taqaladi.

1998 yil noyabr oyida Odil Qo‘shma Shtatlarning Tanzaniya va Keniyadagi elchixonalarida 224 nafar tinch aholining o‘limiga va 5 mingdan ortiq kishining jarohatlanishiga sabab bo‘lgan portlashlarga aloqadorlikda AQSH federal katta hay’ati tomonidan ayblangan edi.

Odil maxfiylikka qattiq rioya qiladi. Misol uchun, Federal qidiruv boshqarmasida (FQB) uning uchta fotosurati bor xolos. Asosiy fotosurat ko‘p yillar oldin olingan va oq-qora tasvirga ega.

Amerikalik tergovchilarga ko‘ra, uning Afrikadagi operatsiyalari, mashg‘ulot lagerlari va 2002 yilda Pokistonda amerikalik jurnalist Deniyel Perlning o‘ldirilishiga aloqador ekanidan tashqari, Odil haqida ma’lum bo‘lgan faktlar juda kam.

AQSH Davlat departamenti ma’lumotlariga ko‘ra, Odil Eronda yashirinib yuribdi. AQSH Adliya vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, Odil «Al-Qoida» boshqaruv kengashining a’zosi va tashkilot harbiy qo‘mitasiga raislik qiladi. U haqdagi haqqoniy ma’lumotlar uchun 10 million dollargacha pul taklif qilinmoqda.

«Al-Qoida» faoliyatini kuzatib borgan FQB sobiq maxsus agenti Ali Sufyon so‘zlariga ko‘ra, Sayful Odil (Adolat qilichi) uning taxallusi bo‘lib, haqiqiy ismi Muhammad Salohiddin Ziydon.

Odil qonli faoliyatini 1981 yilda boshlagani, Misr prezidenti Anvar Saodatga suiqasd uyushtirishda ishtirok etgani haqida taxminlar bor. Shuningdek, u 1993 yilda 18 amerikalik askar halok bo‘lgan Somalida AQSH harbiy vertolyotiga uyushtirilgan pistirmada ham qatnashgani haqida ba’zi faktlar bor.

FQB Odilni eng ko‘p qidirilayotgan terrorchilardan biri deb biladi va uni AQSH fuqarolarini o‘ldirish, AQSH binolarini vayron qilish uchun fitna uyushtirganlikda ayblaydi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo