21:09 / 09.03.2023
684

Ukraina shaharlariga yangi raketa zarbalari berildi (foto, video)

Ukraina shaharlariga yangi raketa zarbalari berildi (foto, video)

Rossiya raketa zarbalaridan keyin Kiyev uzra ko‘tarilgan tutun. Foto: Reuters

Erta tongda Rossiya Ukraina bo‘ylab yoppasiga raketa zarbalari yo‘lladi. Kiyev va Xarkiv shaharlarida, shuningdek ko‘plab oblastlarda - Dnipropetrovsk, Odessa, Lviv va boshqa hududlarda portlashlar ro‘y berdi. Bu oy boshidan buyon ro‘y bergan ilk yoppasiga hujum bo‘ldi. Mahalliy rasmiylar Lviv oblastida besh, Dnipropetrovsk oblastida bir kishi qurbon bo‘lgani, Kiyevda uch kishi yaralanganini xabar qilishgan. Zarbalar oqibatida Zaporijjya AES o‘chgan. Rossiya bu zarbalar qasos ekanini ma’lum qildi.

«Butun mamlakat bo‘ylab yoppasiga raketa zarbalari»

Ukraina qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Valeriy Zalujniyning ma’lum qilishicha, rossiyalik harbiylar bu safar 81 raketa uchirgan. Uning ma’lumotiga ko‘ra, bular samolyotlardan uchirilgan X-101/X-555 (28 dona), «Kalibr» (20) va «Kinjal» (olti), shuningdek X-22 (bu ham oltita) rusumli qanotli raketalar bo‘lgan. Bundan tashqari, uning tasdiqlashicha, boshqariluvchi aviatsiya raketalari hamda zenit raketalari bo‘lgan, shuningdek Shahed-136/131 rusumli sakkiz dona zarbdor dronlar bilan hujum qilingan.

Ukraina qurolli kuchlari aviatsiyasi vakili Yuriy Ignat Rossiya bu qadar ko‘p miqdorda gipertovushli raketalar («Kinjal») qo‘llaganini eslay olmasligini aytgan. «Xususan, MiG-31K samolyotlaridan ham foydalanildi. Avval bunaqasi bo‘lganini eslay olmayman», degan Ignat.

Ukraina qurolli kuchlari ma’lumotiga ko‘ra, ukrainlarning havo hujumidan mudofaa tizimlari dronlarning yarmini hamda 48 ta qanotli raketadan 34 tasini urib tushirgan. Bu kabi yirik hujumlar oxirgi bor yanvar va fevral oylarida bo‘lgandi. O‘shanda ham ukrain harbiylari 50 dan ortiq raketalar uchib kelganini aytishgandi.

«Og‘ir tun. Butun mamlakat bo‘ylab yoppasiga raketa hujumlari. Kiyev, Kirovograd, Dnipropetrovsk, Odessa, Xarkiv, Zaporijjya, Lviv, Ivano-Frankovsk, Jitomir, Vinnitsa. Kritik infratuzilma obektlari, turar joylarga hujumlar. Qurbonlarning yaqinlariga hamdardlik bildiraman.

Dushman yana bir bor ukrainaliklarni qo‘rqitishga urinib, o‘zining ayanchli taktikasiga qaytgan holda 81 ta raketa otdi. Bosqinchilar faqat tinch aholini qo‘rqitishi mumkin. Ularning qo‘lidan keladigan narsa shu. Lekin bu ularga yordam bermaydi», deya yozgan Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy telegram-kanalida. 

Ukraina rasmiylari bir necha kun oldin Rossiya qishdan keyin yana energetika tizimlariga yoppasiga zarba berishi dargumon ekanini aytgan bo‘lsa-da, bu tunda yana energiya infratuzilmasi zarba ostida qoldi. Mamlakatda energetika tizimiga Qrim ko‘prigida portlash ro‘y bergan 10 oktyabrdan buyon oyiga bir necha martadan yoppasiga zarbalar berib kelinmoqda.

«Terrorchilar bizni svetdan mahrum etish uchun maksimal darajada sa’y-harakatlar qilmoqda. Ular tinch aholini terror qilishda davom etmoqda», deya raketa zarbalarining yangi to‘lqiniga izoh berdi Ukraina prezidenti ofisi rahbari Andrey Yermak.

Ukrainaning energetika sohasidagi DTEK kompaniyasi ma’lum qilishicha, otishmalar tufayli uchta issiqlik elektr stansiyasi shikastlangan. Kompaniyadagilar Kiyev, Odessa, Mikolayiv va Dnipropetrovsk oblastlarida ham favqulodda elektr uzilishlari ro‘y berganini ma’lum qilgan.

Ukrainada havo trevogasi qariyb butun tun davom etgan.

Kiyevda raketa parchalari qulashi oqibatlari. Foto: Reuters

Rossiya mudofaa vazirligi bu zarbalarni go‘yoki 2 mart kuni Kiyev tomonidan «Bryansk oblastida uyushtirilgan terrorchilik aksiyasi»ga javoban berilgan «yoppasiga qasos zarbasi» deb atadi.

2 mart kuni qurollangan guruh Bryansk oblastida Ukraina bilan chegaradosh ikki qishloqqa reyd uyushtirgandi. Qishloqlardan birida ikki kishi otib tashlangan. Kreml buni terrorchilik hujumi deb atagan va Ukraina hukumatini bu hujumni tayyorlashda ayblagan. Kiyev bu reydga aloqadorligini rad etgan, hujum uchun mas’uliyatni «Rossiya ko‘ngillilar korpusi» o‘z zimmasiga olgan.

Rossiya mudofaa vazirligi Bryansk oblastidagi hujumgga javoban havo, dengiz va quruqlikdan raketalar uchirilgani, jumladan «Kinjal» gipertovushli raketa tizimi bilan «Ukraina harbiy tuzilmasining muhim elementlari», harbiy-sanoat kompleksi va «ularni ta’minlovchi energetika obektlari»ga zarba berganini ma’lum qilgan.

Bunday nishonlar jamlanmasi rossiyalik harbiylar tomonidan an’anaviy tarzda qo‘llab kelinadi, ammo ular oktyabr oyida Qrim ko‘prigida ro‘y bergan portlashdan buyon ilk bor «qasos» haqida aytishmoqda.

Kiyev

Kiyev bo‘ylab berilgan raketa zarbalari oqibatida turar joy hovlisida chiqqan yong‘in, 2023 yil 9 mart.
Ruslan Kaniuka / Ukrinform / ZUMA Press Wire / Scanpix / LETA

Soat 4:25 atrofida Kiyev meri Vitaliy Klichko Ukraina poytaxtining Goloseyevskiy va Svyatoshinskiy rayonlarida ro‘y bergan portlashlar haqida xabar berdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Svyatoshinskiy rayonida ikki kishi yaralangan.

«Uylardan birining hovlisidagi avtomobil yonib ketgan», deya yozdi Klichko o‘z telegram-kanalida. Keyinroq u ertalab Kiyevga qilingan hujumlar oqibatida energiya obekti shikastlanganini ma’lum qildi.

DTEK kompaniyasi xabariga ko‘ra, navbatdagi raketa hujumlari oqibatida Kiyev oblastida elektr favqulodda o‘chishi boshlangan, Klichko esa keyinroq favqulodda o‘chirishlar tufayli Ukraina poytaxtida iste’molchilarning 40 foizi elektr energiyasidan uzilgani, ichimlik suvi ta’minoti shtat rejimida amalga oshirilayotgani haqida yozdi.

Kiyev oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Sergey Popkoning ma’lum qilishicha, Kiyevda trevoga yetti soat davom etgan. U Zalujniydan oldinroq Rossiya bu safar amalda barcha tipdagi raketalarni qo‘llaganini aytgandi.

«Havo hujumidan mudofaa tizimlarimiz tufayli qanotli raketalar va dronlar poytaxtga o‘tkazilmadi. Ammo,afsuski «Kinjal» aeroballistik raketasi (dastlabki ma’lumot) infratuzilma obektiga urildi», deya uning so‘zlarini keltirgan UNIAN.

Kiyev bo‘ylab raketa zarbasi oqibatlari, 2023 yil 9 mart
 Gleb Garanich / Reuters / Scanpix / LETA

Lviv oblasti

Lviv oblastining Zolochevskiy rayonida raketa aholi yashovchi uylar joylashgan hududga tushgan. Yong‘in boshlangan. Lviv oblasti harbiy ma’muriyati rahbari Maksim Kozitskiy besh kishi halok bo‘lganini ma’lum qilgan.

Lviv oblastida raketa zarbasi oqibatlari. Foto: LVIV REGIONAL MILITARY ADMINISTRATION

«To‘rt nafari katta yoshli kishilar. Ikki erkak va ikki ayol. Raketa kelib urilgan vaqtda ular o‘z uylarida bo‘lishgan», degan u va keyinroq 1963 yilda tug‘ilgan yana bir kishining jasadi topilganini xabar qilgan.

Xarobalarni tozalash ishlari davom etmoqda. Kozitskiyning ma’lumotiga ko‘ra, yong‘in oqibatida uchta uy, uchta avtomobil, garaj va bir qancha xo‘jalik binolari yakson bo‘lgan. U zarba oqibatlari aks etgan videoni namoyish etgan, unda ko‘cha bo‘yidagi bir necha yer bilan bitta bo‘lganini ko‘rish mumkin.

«Dushman g‘azab otiga mingan. Ular anchadan buyon frontda muvaffaqiyatga erisha olmayapti. Shuning uchun butun Ukraina bo‘ylab ma’nosiz xaotik zarbalar yo‘llamoqda. Duch kelgan tomonga otishmoqda, chunki ular uchun bu yerdagilarning barchasi dushman», deya zarbalarga izoh bergan Lviv shahri mer Ondriy Sadoviy.

Qutqaruvchilar Lviv oblastida raketa zarbasi qurboni jasadini olib ketmoqda, 2023 yil 9 mart.
Press service of the State Emergency Service of Ukraine in Lviv region / Reuters / Scanpix / LETA

Xarkiv

Tunda rossiyalik harbiylar Xarkiv shahri va Xarkiv oblasti bo‘ylab 15 zarba yo‘llagan. Oblast harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubovning so‘zlariga ko‘ra, bu safar ham muhim infratuzilma obektlari nishonga olingan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, Xarkiv oblastida turar joy binosiga ham raketa kelib tushgan.

«Xarkivning ayrim rayonlarida elektr ta’minoti bo‘yicha muammolar bor», degan shahar meri Igor Terexov.

Odessa oblasti

Rossiyalik harbiylar Odessa oblastida energetika infratuzilmalariga zarbalar bergan, shuningdek turar joy binolari shikastlangan. Oblast harbiy ma’muriyati rahbari Maksim Marchenkoga ko‘ra, jabrlanganlar yo‘q. 

«Dushmanning raketa zarbasi oqibatida Odessa oblastida bir necha elektr uzatish liniyalari va ustunlarga zarar yetdi. Ayni vaqtda elektr energiyasi favqulodda o‘chirilmoqda», degan Marchenko.

Uning ma’lumotiga ko‘ra, ukrain havo hujumidan mudofaa kuchlari oblast osmonida oltita raketa va bitta dronni urib tushirgan odin bespilotnik.

Dnipropetrovsk oblasti

Tun Dnipropetrovsk oblastida ham og‘ir kechgan. Oblast harbiy ma’muriyati Dnipro, Pavlodar, Krivoy Rih va Nikopol hududlariga raketa va dronlar uchib kelganini xabar qilgan.

«Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yoppasiga hujumlar oqibatida bir kishi halok bo‘lib, ikki kishi jabrlangan», deya yozgan ma’muriyat rahbari Sergey Lisak o‘z telegram-kanalida.

Energetika infratuzilmalari va sanoat korxonalari shikastlangan, Lisakning aniqlik kiritishicha, «bu joylarda jiddiy vayrongarchiliklar» kuzatilgan.

Uning ma’lumotiga ko‘ra, havo hujumidan mudofaa tizimi oblast osmonida rossiyaliklarning yettita raketasini urib tushirgan. Tunda oblast hududi artilleriyadan ham o‘qqa tutilgan, Nikopol shahri va Nikopol rayoni zarbaga uchragan. Buning oqibatida 34 yoshli erkak halok bo‘lib, 28 yoshli ayol va 19 yoshli yigit jabrlangan.

Zaporojjya AES

«Energoatom» xabariga ko‘ra, rossiyaliklarning taxminan soat to‘rtda boshlangan zarbalari tufayli Zaporijjya AES butkul o‘chib qolgan. «Okkupatsiya ostidagi Zaporojjya AES va Ukraina energiya tizimi o‘rtasidagi so‘nggi aloqa liniyasi uzildi», deyiladi operator kompaniya xabarida.

«Bugun tongda, mahalliy vaqt bilan soat taxminan besh atrofida Zaporijjya AES oxirgi 750 kv.li liniyasi o‘chgach, barcha tashqi quvvat manbalarini yo‘qotdi, 330 kV.li yagona zaxira liniyasi bir necha kun oldin shikastlangan va hozirda ta’mirlanmoqda», dedi payshanba kuni XAEA (MAGATE) rahbari Rafael Grossi.

«Energoatom»dagilarning ta’kidlashicha, bu Yevropadagi eng yirik AESning urush vaqtida oltinchi bor o‘chirilishidir. 5- va 6-energobloklar «sovuq holat»ga o‘tkazilgan, ya’ni elektr energiyasi ishlab chiqarilmaydi. Zaporijjya AES o‘z ehtiyojlarini ta’minlash uchun 18 ta dizel generatorlardan foydalanadi.

«Ularning ishlashi uchun 10 kunga yetarli yonilg‘i qolgan. Ortga hisoblash boshlandi», deya ogohlantiradi operator. Agar shu vaqt ichida stansiyaning tashqi elektr ta’minoti tiklanmasa, «butun dunyo uchun radiatsiyaviy oqibatlarga ega bo‘ladigan avariya» ro‘y berishi mumkin.

Stansiyaning tashqi elektr ta’minotidan to‘liq uzilishi bilan bog‘liq oldingi holat 23 noyabrda ro‘y bergandi. «Eslatib o‘taman, bu Yevropadagi eng yirik atom stansiyasi. Biz nima qilyapmiz? Bunday hodisa sodir bo‘layotganida qanday qilib xonada o‘tirish mumkin? Bunday davom etib bo‘lmaydi», degan Grossi.

Boshqa oqibatlar

Jitomir oblastida kamikadze dronlar energetika infratuzilma obektlaridan biriga zarba bergan. Oblast harbiy ma’muriyati rahbari Vitaliy Bunechkoga ko‘ra, qurbonlar yo‘q.

Shuningdek, Kirovograd va Ivano-Frankovsk oblastlarida ham energetika obektlariga zarbalar qayd etilgan.

Mikolayiv oblastida raketalar kelib urilishi haqida xabar berilmagan, ammo «Yug» havo qo‘mondonligiga ko‘ra, tunda oblast ustida turli tipdagi to‘qqizta raketa urib tushirilgan.

Bir oy ichidagi ilk yoppa zarbalar

 

Foto: Zelenskiy / Telegram

Oldingi raketa zarbalari 18 fevral kuni - shanba tongida amalga oshirilgandi. O‘shanda Rossiya Qora dengizdan «Kalibr» rusumli to‘rtta qanotli raketalar uchirgan, havo hujumidan mudofaa kuchlari ularning barini urib tushirgandi.

Bugungi ko‘lamdagi so‘nggi raketa zarbalari 10 fevral kuniga to‘g‘ri keladi, o‘shanda Ukraina qurolli kuchlari 71 raketa uchirilgani, shundan 61 tasi havo hujumidan mudofaa tizimlari orqali urib tushirilganini ma’lum qilgan.

O‘shanda Ukraina bosh vaziri Denis Shmigal bu Ukrainaning muhim infratuzilmalari tomon qilingan 14-ommaviy hujum bo‘lganini aytgandi. Portlashlar Kiyev, Lviv, Xarkiv boshqa regionlarda ro‘y bergan.

Rossiya Ukrainaning muhim infratuzilmalarini ilk bor 2022 yil 10 oktyabrida - dushanba tongida yoppasiga o‘qqa tutgandi. O‘shanda Kiyev, Lviv, Dnipro va mamlakatning boshqa shaharlarida portlashlar kuzatilgan. Ukrainaning sakkiz regionida 10 dan ortiq muhim infratuzilma obektlari shikastlangandi.

Shundan buyon Rossiya hujumlarni kuchaytirib keladi va ulardan biri - 23 noyabrda amalga oshirilgani - Ukraina energiya tizimida vaqtincha blekautga sabab bo‘ladi. Ammo qish oxiriga kelib, pessimistik prognozlarga ters o‘laroq, Ukrainaning aksar regionlarida elektr ta’minotini barqarorlashtirishga erishildi.

Yanvar oyida navbatdagi raketa zarbalari to‘lqini vaqtida Dniproda o‘nlab kishilar halok bo‘ldi - raketa ko‘p qavatli turar joy binosining ikki pod’yezdini vayron qilgandi.


arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo