18:50 / 06.04.2023
157

Tramp demokratlarni unga qarshi fitna uyushtirishda aybladi

Tramp demokratlarni unga qarshi fitna uyushtirishda aybladi
Foto: Getty Images
AQSHning sobiq prezidenti Donald Tramp Nyu-Yorkdagi Manhetten jinoiy sudida pornoaktrisa Stormi Deniyelsga haq to‘lashda moliyaviy firibgarlikka yo‘l qo‘ygani haqidagi barcha ayblovlarni rad etib, demokratlar partiyasi bu orqali uning prezidentlik saylovlarida ishtirok etishiga xalaqit bermoqchi bo‘layotganini aytdi.
 
Unga nisbatan 34 ta band bo‘yicha ayblov e’lon qilingan. Tramp hisobot hujjatlariga aynan shuncha miqdorda noto‘g‘ri ma’lumot kiritgan.
 
Sudga kelgan Tramp hukumatga taslim bo‘ldi va rasmiy ayblov e’lon qilinmasdan oldinroq hibsga olindi.
 
Bu shunga o‘xshash holatlardagi odatiy tartib — hibsga olish paytida ayblanuvchining qo‘llariga odatda kishan taqishadi (va uning huquqlarni aytib berishadi), lekin bu safar sobiq prezident uchun istisno qilindi. Shuningdek, Tramp jinoyat ishi uchun barmoq izlari topshirib, suratga tushgan ham bo‘lishi mumkin, biroq uning advokatlari bu rasmiyatchiliklarga amalda qilingani haqidagi savollarga javob berishdan bosh tortdi.
 
Sudga kelganidan yarim soat o‘tgach, Tramp eshituvlar bo‘lib o‘tayotgan 15-qavatdagi sud zaliga ko‘tarildi. Oradan taxminan bir soat o‘tgach, u jurnalistlarga bir og‘iz ham so‘z aytmay, sud binosini tark etdi va Floridadagi mulkiga yo‘l oldi.
 
Tramp sudda tosh qiyofa bilan jim o‘tirgan, ammo Floridaga qaytib kelgach, hissiyotlariga erk bergan.
 
U o‘z tarafdorlari oldida 25 daqiqalik nutq so‘zlab, o‘zining mutlaqo begunoh ekani va «Amerikani yo‘q qilishga intilayotgan» demokratlar o‘yini qurboni bo‘lganini aytdi.
 
«Men qilgan yagona jinoyat — bu mamlakatimizni uni yo‘q qilmoqchi bo‘lganlardan mardonavor himoya qilganimdir», degan Tramp Mara-Lagoda to‘plangan tarafdorlariga.
 
Trampning aytishicha, uning jinoiy ishi soxtalashtirilgan va bu Demokratik partiyaning kelasi yilgi prezidentlik saylovlariga ta’sir ko‘rsatish rejasining bir qismi. Uning qo‘shimcha qilishicha, Amerika «jahannam tomon ketyapti».
 
«Mening ishimni ko‘rayotgan sudya Trampni yomon ko‘ruvchilar oilasidan bo‘lgan, Trampni yoqtirmaydigan sudya», degan sobiq prezident va barcha sharhlovchilar va yuristlar unga qo‘yilgan ayblovlar asossizligiga amin ekanini ta’kidlagan. Biroq sharhlovchilar va huquqshunoslar sobiq prezidentning bu fikriga qo‘shilmaydi.
 
Tramp AQSH tarixida jinoiy javobgarlikka tortilgan birinchi sobiq prezidentga aylandi.
 
Trampning tergovi ishi behayo filmlarda suratga tushgan aktrisa Stormi Deniyelsga jim yurishi uchun to‘langan pul bilan bog‘liq.
 
Ayblov materiallariga ko‘ra, 2016 yilgi prezident saylovdan oldin Tramp o‘z advokat orqali Stormi Deniyelsga u bilan jinsiy aloqada bo‘lgani haqida hech kimga aytmasligi uchun 130 ming dollar to‘lagan.
 
Bu to‘lov o‘z-o‘zidan noqonuniy emas edi, biroq Tramp va uning advokati bu summani yuridik xizmatlar uchun to‘lov sifatida hujjatlashtirgan. Bu esa Nyu-York shtati qonunchiligida soxta hisobot deb hisoblanadi va jinoiy tartibda jazoga tortiladi.
 
Advokat Maykl Koen 2018 yilda bu ish uchun uch yillik qamoq jazosiga hukm qilingan, biroq o‘sha paytdagi prezident Trampga rasman ayblov e’lon qilinmagandi.
 
Ayblovlarning har biri eng ko‘pi bilan to‘rt yillik qamoq jazosiga sabab bo‘ladi. Lekin agar Tramp aybdor deb topilsa, sudya unga shartli qamoq jazosi berishi ham mumkin.
 
Sudga raislik qilayotgan sudya Xuan Merchananing so‘zlariga ko‘ra, sobiq prezident ustidan sud jarayoni 2024 yil yanvarida boshlanishi mumkin, ya’ni Tramp Respublikachilar partiyasidan prezidentlikka nomzod saylanishi boshlangan vaqtda sudda bo‘lishi ehtimoli mavjud.
 
Ayblovlarning mohiyati
 
Tramp g‘alaba qozongan saylovlar davomida u haqidagi salbiy ma’lumotlarni aniqlash, sotib olish va yashirish hamda Trampning saylovoldi istiqbollarini oshirishga urinishlar sodir bo‘lgan.
 
So‘ngra sobiq prezident bu harakatlarini yashirish, shuningdek, shtat va federal saylov qonunlarini buzishga urinib ko‘rgan.
 
Trampning ayblov xulosasiga ko‘ra, Manhetten okrugi prokurori Elvin Bregg unga birinchi darajali ish hujjatlarini soxtalashtirish bo‘yicha 34 ta ayblov qo‘ygan. Jinoyat ishida Stormi Deniyelsga to‘lovlardan tashqari, yana ikkita epizod haqida gap boradi.
 
Birinchi epizodda, American Media Inc. (AMI) Trampning noqonuniy nikohdan tug‘ilgan farzandi haqida ma’lumoti borligini da’vo qilgan Trump Tower'ning sobiq shveysariga 30 ming dollar to‘lagan. Ikkinchi epizodda esa, AMI Tramp bilan jinsiy aloqada bo‘lganini da’vo qilgan ayolga 150 ming dollar to‘lab bergan.
Foto: Getty Images
«Uchinchi holatda — umumiy prezidentlik saylovlariga 12 kun qolganda maxsus maslahatchi (gap Trump Organisation'da bu lavozimni egallagan Koen haqida ketmoqda) pornoaktrisaning advokatiga 130 ming dollar o‘tkazadi. Hozirda o‘z aybiga iqror bo‘lgan va noqonuniy saylovoldi tashviqoti uchun qamoq jazosiga hukm qilingan maslahatchi soxta korporatsiyasi bilan Manhettendagi bank orqali to‘lovni amalga oshiradi», deyiladi hujjatlarda.
 
Keyinchalik Tramp Koenga mavjud bo‘lmagan shartnomada ko‘rsatilgan yuridik xizmatlar uchun to‘lov bandi orqali cheklar bilan bu pullarni qaytargan. Hisobotda aytilishicha, jami 11 ta chek aniqlangan.
 
«130 ming dollar miqdoridagi dastlabki maxfiy to‘lovni yashirish uchun Nyu-Yorkdagi ish hujjatlariga 34 ta soxta yozuv kiritilgan. Bundan tashqari, sxema ishtirokchilari soliqlardan qochish uchun to‘lovning asl mohiyatini noto‘g‘ri ko‘rsatgan», deyiladi hujjatlarda.
 
Boshqa tergovlar
 
Nyu-York sudidan tashqari Trampga qarshi yana uchta tergov ishi olib borilmoqda. Ular 2020 yilgi saylov natijalarini bekor qilishga urinishlar, 2021 yil yanvarida Kapitoliyga qilingan hujum va sobiq prezidentning Oq uyni tark etganidan so‘ng maxfiy hujjatlar bilan ehtiyotsiz munosabatda bo‘lishi bilan bog‘liq.
 
Jorjiya okrugi prokurori Trampning shtat amaldorlari bilan 2020 yilgi saylovdan keyingi aloqalarini saylov qonunchiligini buzish deb hisoblash mumkinmi yoki yo‘qligini tekshirishda davom etmoqda.
 
O‘sha yilgi saylovlardan so‘ng Tramp Jorjiya shtati davlat kotibi Bred Raffenspergerga qo‘ng‘iroq qilib, «Menga shunchaki 11 780 ovoz kerak», degan. Bu ovozlar Trampga asosiy shtatlardan birida g‘oliblikni qo‘lga kiritish uchun kerak edi.
 
Tramp saylovlarda firibgarlik yuz berganini da’vo qilib, agar Raffensperger natijani «qayta ko‘rib chiqa olsa», bunday natijaga (11 ming ovozga) erishish mumkinligini aytgan.
 
«Biz raqamlarimiz to‘g‘ri ekanligiga ishonamiz», deya javob bergan Raffensperger Trampga. Va keyinroq Jorjiyaning Fulton okrugi bosh prokurori Fanni Uillis shtatdagi ehtimoliy saylov jinoyatlari yuzasidan tergov boshladi.
 
2022 yil noyabr oyida AQSH Bosh prokurori Merrik Garland maxsus advokat Jek Smitni Kapitoliyga hujum ishi bo‘yicha tergovni nazorat qilish vazifasiga tayinladi.
 
Smit allaqachon, Tramp bilan birga 2020 yilgi saylov natijalariga qarshi chiqishga uringan yetti shtatdagi mansabdor shaxslarga sudga chaqiruv qog‘ozlari yuborgan. Bu tergov doirasi kengayishini anglatadi.
 
Smit, shuningdek, Tramp prezidentlikdan ketganidan keyin Mara-Lagodagi mulkida maxfiy hujjatlarga qanday munosabatda bo‘lganini ham tekshirmoqda.
 
2022 yil iyun oyida AQSH Federal qidiruv byurosi (FQB) xodimlari Trampning Floridadagi mulkiga sobiq prezidentda saqlanayotgan maxfiy davlat hujjatlarini olib ketish uchun kelgan. O‘shanda hujjatlarning bir qismi ulardan yashirilgan va avgust oyida o‘nlab FQB agentlari Mara-Lagoda tintuv o‘tkazgan va FQB hisobotiga ko‘ra, maxfiylik darajasi eng yuqori bo‘lgan hujjatlar mavjud bo‘lgan yigirmadan ortiq qutilarni musodara qilgan.
 
Tramp bu hujjatlarni prezidentlik muddati tugaganidan keyin saqlamasligi kerak bo‘lgan, chunki ular davlatga tegishli edi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo